Sho’rchi tumani
Sho’rchi tumani — Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1935 yil 9 Fevralda tashkil etilgan. Shimoldan Oltinsoy, Denov, Janub va g’arbdan Qumqo’rg’on, sharqdan Uzun tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,85 ming kilometr kvadrat. Aholisi 152,3 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Sho’rchi), 1 shaharcha (Elbayon bekati), 10 qishloq fuqarolari yig’ini (Baxtlitepa, Dalvarzin, Jaloyir, kichik Savur, Oxunboboyev, Oqtumshuq, Sohibkor, Sho’rchi, Elobod, Yangibozor) bor. Tuman markazi — Sho’rchi shahri. Tabiati. Relefi, asosan, tekislik va adirlardan iborat. O’rtacha balandligi 400-700 metr. Tuman hududi o’rtasidan Surxondaryo oqib o’tadi (tuman hududidagi uzunligi 25 kilometr). Daryo qayirida mavjud bo’lgan Oqtumshuq, shaldiroq kabi to’qaylar quritilib, dehqonchilik uchun o’zlashtirildi. Tumanning Janubi g’arbida Janubiy Surxon, shim.sharqida Degrez suv omborlari qurilgan. Sho’rchi tumani hududida suvsiz quruq soy ko’p. Bahorda Bobotog’dan mavsumiy oqimga ega bo’lgan Fayzova, Xo’jakulsin, arg’amchi soylari oqib tushadi. Boysun tog’laridan oqib tushadigan Halqajar daryosi kichik sharsharalar hosil kilgan. Bobotog’ning adir va tog’zonasida neft, gaz va fosforit konlari topilgan. Iqlimi quruq, tipik subtropik iklim. Yillik o’rtacha temperatura 15°, yanvarniki 2,6°. Eng past temperatura -25°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 29°, eng yuqori temperatura 46°. Yiliga 240-260 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 230 kun. Ba’zan kuchli shamollar esadi. Tuprog’i o’tloqi va bo’z tuproq. Yovvoyi o’simliklardan shuvoq, sho’ra, yantoq, pista, tog’rayhoni, do’lana, rovoch, alqor va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, jayran, kala- mush, qo’shoyoq, yumronqoziq, ko’rsichqon, jayra; to’qaylarda to’qay mushugi, qobon, chiyabo’ri; qushlardan: mayna, so’fito’rg’ay, kaklik, ko’rshapalak, g’oz, o’rdak, turna; sudraluvchilardan o’qilon, gekkon, ko’zoynakli ilon va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 179,2 kishi (2004). Xo’jaligi. Tumanda «Don mahsulotlar», «Sho’rchipaxta» aktsiyadorlik jamiyatlari, bosmaxona, aholiga maishiy xizmat ko’rsatish uyushmasi, «Sho’rchimebel» kompaniyasi, MTP, pillakashlik fabrikasi, 2 ta non yopish korxonasi, «Istiqlol» poyabzal ishlab chiqarish korxonasi va boshqalar faoliyat ko’rsatadi. Yirik elevator va 2 ta un tegirmoni ishlab turibdi. Qishloq xo’jalik kompleks rivojlangan, asosan, paxta, g’alla, shuningdek, meva va uzum yetishtiriladi. Sabzavotchilik, polizchilik va chorvachilik ham rivojlangan. Emxashak ekinlari ekiladi. Tumanda 9 shirkat, 600 ga yaqin fermer xo’jaligi, 5 ta fermerlar uyushmasi mavjud. Sho’rchi tumanidagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida qoramol, qo’y va echki, yilqi, parranda boqiladi. Sho’rchi tumani hududidan o’tgan temir yo’l uzunligi 28 kilometr. 58 umumiy ta’lim maktabi (43 mingdan ziyod o’quvchi), bolalar musiqa maktabi, qishloq xo’jaligi, kommunal xizmat ko’rsatish, tibbiyot kasb-hunar kollejlari, 2 ta maxsus maktab internati, ixtisoslashtirilgan internatmaktabi mavjud. 7 qishloq madaniyat uyi, 5 qishloq klubi, tuman Markaziy kutubxonasi va uning tarmoqlari, shahar kutubxonasi, ko’zi ojizlar kutubxonasi aholiga xiz- mat ko’rsatadi. 290 o’ringa mo’ljallangan 4 ta kasalxona (shu jumladan, tuman markaziy kasalxonasi), 8 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 8 qishloq vrachlik punkti, 24 ta dorixona, 3 ta poliklinika va boshqalar tibbiy muassasalarda 263 vrach, 1100 ga yaqin o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududida Dalvarzintepa xarobalari joylashgan. Sho’rchi tumani hududi orqali Moskva — Dushanba poezdi o’tadi. Sho’rchidan Termiz, Qarluq, Boysun, Denov, Sherobod, Qumqo’rg’on, Kofrun yo’nalishlarida avtobuslar qatnaydi. Termiz— Regar yo’nalishidagi avtobus ham tuman hududidan o’tadi. Tuman «Sho’rchi hayoti» gazetasi 1936 yildan chop etiladi (adadi 1710).