Jazo

Jazo (huquqda) — huquqbuzarlik sodir etishda ayblangan shaxslarga nisbatan qo’llanadigan ma’naviy, moddiy yoki jismoniy cheklashlar bilan bog’liq bo’lgan majburlov chorasi. Jazo huquqiy tartibot sifatida davlat va huquq, shuningdek, bunday huquqni qo’llash vakolati bo’lgan maxsus organlar vujudga kelgan paytdan boshlab paydo bo’lgan. Jazo ijtimoiy adolatni tiklash, jinoyat sodir etgan shaxsni axloqan tuzatish, huquqbuzarlik va jinoiy faoliyat davom etishiga to’sqinlik qilish, yangi huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida qo’llaniladi. Sodir etilgan huquqbuzarlikning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab, Jazolar intizomiy, ma’muriy va jinoiy bo’lishi mumkin. Ana shu Jazolardan qaysi biri qo’llanilmasin, huquq buzishda ayblanayotgan shaxsga nisbatan qonun va normativ hujjatlarda belgilangan tartibda ma’naviy, moddiy yoki jismoniy xarakterdagi cheklash qo’llaniladi. Shu bilan birga huquq buzish sodir etishda foydalanilgan qurol, vosita, huquq buzish orqali qo’lga kiritilgan narsalar musodara qilinishi mumkin. Intizomiy Jazo — mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday yuridik shaxs maqomiga ega bo’lgan korxona, muassasa, tashkilotda belgilangan ichki mehnat intizomini buzgan shaxsga nisbatan ish beruvchilar tomonidan qo’llanadigan majburlov chorasi bo’lib, xayfsan berish, jarima solish, mehnat shartnomasini bekor qilish (ishdan bo’shatish) tarzida bo’lishi mumkin. Intizomiy Jazo shaxslarni ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxs (organ) tomonidan, ma’muriy jazo — ma’muriy ishlar bo’yicha tuman (shahar) sudyasi, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari qoshidagi ma’muriy komissiyalar, voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug’ullanuvchi tuman (shahar) komissiyalari, ichki ishlar (militsiya) organlarining, davlat inspektsiyasi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek, ma’muriy Jazo qo’llash vakolati berilgan boshqa organlarning mansabdor shaxslari tomonidan, jinoiy jazo esa — davlat nomidan sud hukmi bilan beriladi. Mamajon Usmonaliyev.