Jurnalistika
Jurnalistika — ijtimoiy faoliyat turi. Bu faoliyat egalari (jurnalistlar) ijtimoiy dolzarb axborotlarni to’plash, tahlil qilish va ommaviy axborot vositalari (matbuot, radio, televideniye, axborot agentliklari va boshqalar) orqali tarqatish bilan shug’ullanadi. Jurnalistika ommaviy targ’ibot va tashviqot shakllaridan biri. Jurnalistikaning xususiyati, maqsadi jamiyatning ijtimoiy tabiatiga bog’liq. Jurnalistika atamasi dastlab jurnallar majmuiga, keyinchalik barcha davriy nashrlarga nisbatan qo’llanilgan. Endilikda Jurnalistika iborasi Jurnalistika faoliyati mahsulini, shu bilan bog’liq kasblar majmuini, shuningdek, shu sohaga oid ta’limni va fan tarmog’ini ham anglatadi. Jurnalistika faoliyati tarkibiga matbuot, radio, televidenie, axborot agentliklari, hujjatli kino va boshqalar kiradi. Jurnalistika tizimidagi axborot vositalari ommaning kundalik dolzarb ijtimoiy va maxsus axborotga bo’lgan ehtiyojini krshshrishda asosan publisistikata tayanadi, shuningdek, muhim ijtimoiy masalalarni talqin qiluvchi ilmiy, badiiy va boshqa asarlardan ham foydalanadi. Jurnalistika tizimidagi axborot vositalari o’z faoliyatida ma’lum davriylikka va tezkorlikka amal qiladi. Axborotni to’plash, taxlil qilish va tarqatishga yo’naltirilgan ijtimoiy faoliyatning dastlabki kurtaklari qadim-qadimda paydo bo’lgan. Odamlarni ijtimoiy turmushda sodir bo’layotgan voqealardan xabardor qilish, ularga axborot vositasida ma’lum g’oyaviy-ruhiy ta’sir o’tkazish turli shakl va usullarda namoyon bo’lgan. Og’zaki axborot notiqlar, jarchilar tomonidan yetkazilgan. Yozma ma’lumotlar esa, Masalan, qadimgi Misrda Papiruslarga bitilib, tarqatilgan. Qadimgi Rimda e’lonlardan, qo’lyozmalardan foydalanilgan. Hozirgi davr Jurnalistikasi dastlab 17-asr boshidagi ilk davriy bosma nashrlar qiyofasida yuzaga kelgan. 19-asrning 2-yarmi va 20-asrda fotografiya hamda kinematografiyannng kashf qilinishi tufayli foto va kinojurnalistika tashkil topdi. 20-asrning 20-yillaridan e’tiboran radiotexnika yutuqlari asosida radiojurnalistika taraqqiy qila boshladi, 40-yillarda esa telejurnalistika maydonga keldi. Ommaviy axborot paydo bulishi va rivojlanishi bilan umumiy saviyasi va kasbiy mahorati yuksak jurnalistlarga ehtiyoj kuchaya bordi. Ana shu ehtiyoj taqozosi turli mamlakatlarda maxsus Jurnalistika ta’limini yuzaga keltirdi. Jurnalistikaning siyosiy yo’nalishi jihatidan bir-biridan farq qiluvchi bir nechta turi tarkib topdi, faoliyatning ijtimoiy hayotdagi o’rni va vazifasiga doir turlicha qarashlar yuzaga keldi. Chunonchi, kommunistik Jurnalistika faoliyatiga partiyaviylik, sinfiylik asos qilib olindi. Bu hol ko’p hollarda umuminsoniy ma’noda axborot sohasida inson haq-huquqlari va erkinliklarining cheklanishiga, qo’pol ravishda poymol qilinishiga olib keldi. Jurnalistika taraqqiyoti qator omillarga bog’liq bo’lib, siyosiy erkinliklar, birinchi galda, matbuot erkinligi bu omillar orasida alohida o’rin egallaydi. Matbuot erkinligi demokratik jamiyat rivojining zaruriy sharti hisoblanadi. Jurnalistika erkin faoliyat sharoitidagina jamiyat a’zolarini xolis va haqqoniy axborot bilan ta’minlay oladi, davlat va jamiyat o’rtasida o’zini vositachi sifatida namoyon etadi. O’zbekistonda Jurnalistika 19-asrning 2-yarmida paydo bo’ldi. Uning tarixi Toshkentda chiqarilgan «Turkestanskie vedomosti» va «Turkiston viloyatining gazeta» kabi rasmiy davriy nashrlardan boshlanadi. 20-asrning 1 — va 2-o’n yilligida O’zbekistonda asosiy e’tiborni milliy taraqqiyotni ta’minlashga qodir ma’rifatli insonlarni tarbiyalashga yo’naltirilgan xususiy milliy gazeta va jurnallar («taraqqiy», «Xurshid», «sadoi Turkiston», «Samarqand», «oyina» va boshqalar) ham faoliyat ko’rsatdi. Sho’ro tuzumi davrida O’zbekistonda davriy matbuot tarmog’i respublika, viloyat va tuman miqyosida chiqadigan umumsiyosiy va tarmoq gazetalari, shuningdek, yangi jurnallar hisobiga kengaydi, ayni paytda O’zbekistonda radiojurnalistika va telejurnalistika ham tarkib topdi. Lekin bular mustabid tuzum ko’zlagan siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy maqsadlarga xizmat qilishga mahkum edi. O’zbekiston davlat mustaqilligiga erishgach, respublika Jurnalistikasi demokratik bosqichga qadam qo’ydi va jamiyatni demokratik tarzda yangilash, huquqiy demokratik davlat barpo qilishga ko’maklashayotgan yangi tizim shakllana boshladi. 1997 yilda «axborot olish kafolatlari va erkinligi to’g’risida», «Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to’g’risida», «ommaviy axborot vositalari to’g’risida» qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 26 fevralida «jurnalist kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish to’g’risida» gi qarori e’lon qilindi. Mazkur hujjatlar respublikamizda jurnalist kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda dunyo andozalari darajasiga ko’tarish yo’lida g’oyat muhim ahamiyatga egadir. Shundan beri o’tgan vakt mobaynida bu qonunlar va qarorni amalga oshirish yo’lida ancha ishlar qilindi. Istiqlol tufayli Respublika jurnalistlarining ijtimoiy hayot voqea va hodisalarini tahlil qilish va yoritishga yondashuvi ham tubdan o’zgardi. Endilikda jurnalistlar ijtimoiy jarayonlarni tahlil qilish va yoritishda ilmiy bilimlarga, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga, xalqaro hamjamiyat e’tirof etgan umumdemokratik qoidalarga tayanmoqda. Jurnalistika tizimining shakllanish jarayonida respublikada jurnalist ixtisosi bo’yicha maxsus oliy ta’limga ham asos solindi. 1949 yil O’rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O’zmo’)ning filologiya fakulteti qoshida oliy ma’lumotli jurnalistlar tayyorlaydigan maxsus bo’lim tashkil qilindi. Bu bo’lim 1967 yilda mustaqil fakultetga aylantirildi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarori bilan (1996 yil 26 aprel) «O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan jurnalist» faxriy unvoni ta’sis etildi. Oliy ma’lumotli jurnalistlar O’zMUdan tashqari, Nukus davlat universitetida, shuningdek, O’zbekiston jahon tillari universitetida ham tayyorlanadi. 1997 yildan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro ijtimoiy markazi faoliyat ko’rsatadi. Ad.: Cherepaxov M. S, Problemi Teorii publisistiki, M., 1973; matbuotimiz fidoyilari [3 jildli; tuzuvchi va nashrga tayyorlovchi 3. I. Esenboev], 1-2- j.lar, T., 1991, 1993; Pidaev T., Matbuot — millat chirog’i, T., 1999; Sulaymonov I., Men— jurnalistman, T., 2001. Tohir Pidayev.