Jut
Jut (Corchorus), Kalkutta Kanopi — jo’kadoshlar oilasiga mansub lub tolali bir yillik o’simlik, tola olinadigan ekin. Vatani — Hindiston. Osiyo, Afrika, Janubiy Amerika va Avstraliyaning tropik va subtropik mintaqalarida o’sadigan 100 ga yaqin turi bor. Asosan Osiyo mamlakatlarida tolasi uchun bir yillik 2 turi — cho’ziq mevali Jut (S. olitorius) va yirik mevai Jut (S. capsularus) ekiladi. O’zbekistonda 20-asrning 30-yillaridan cho’ziq mevalisi o’stiriladi. Poyasi to’g’ri o’sadi, yashil rangda, bo’yi 2,5—3,5 metr; uchki qismi shoxlanib, uch-to’rtta meva shoxcha hosil qiladi. Ildizi o’q ildiz, shoxlangan, yerga 1 — 1,5 metrgacha kirib boradi. Barglari ketma-ket joylashgan, uzun bandli, nashtarsimon, arra tishli. Guli mayda, ikki jinsli, sariq. Mevasi qovurg’ali ko’sakcha, cho’ziq, 5-10 santimetr, yirik mevalisiniki 1-2 santimetr. Urug’i mayda, uch qirrali, to’q yashil, sarg’ish-jigarrang yoki to’q jigarrang, 1000 donasining vazni 1,5—2 gramm. Urug’ida 14% gacha moy bor. Tolasi uzunligi 2-3 metr. Jut o’zidan changlanuvchi namsevar, yorug’sevar, issiqsevar, sovuqqa chidamsiz o’simlik. Urug’i 16-18° da normal unib chiqadi. Vegetasiya davri 140-160 kun. Jut kanopga qaraganda, ayniqsa o’sish davrida, suvga juda talabchan. Sur, o’tloqi va o’tloqi-botqoqi tuproqlarda yaxshi o’sadi, sho’rga chidamsiz. Jut tolasi yetishtirish hajmi dunyoda ishlab chiqariladigan o’simlik tolalari ichida paxta tolasidan keyin 2-o’rinda turadi. Jutning quruq poyasi (po’stlog’i) dan 20-25% yuqori gigroskopik pishiq tola chiqadi. Jut tolasidan to’qimachilik mahsulotlari, gilamlar, qop, arqon, texnik va o’rov gazmollari, jun, paxta tolalari bilan aralash tolalaridan kiyim-kechak gazmollari tayyorlanadi. Hindistonda Jut bargi ovqatga ishlatiladi. Jut urug’idan moy, yurak-qon tomirlari kasalliklarini davolashda ishlatiladigan glikozidlar olinadi. Almashlab ekishda beda, dukkakli-don ekinlaridan keyin 28-30 santimetr chuqurlikda kuzgi shudgor qilingan maydonlarga ekiladi. O’g’itlash normasi: 10-20 t/ga go’ng, 90-120 kg/ga azot va R2O5, 60-90 kg/ga K2O. Tola olish uchun qo’sh qatorlab 60×12—13, 50×20 santimetr sxemada ekiladi. Urug’ 3-4 santimetr chuqurlikka ko’miladi. Gektariga tola uchun 12-14, urug’ olish uchun 6 kilogramm urug’lik sarflanadi. Vegetatsiya davomida 5-8 marta sug’oriladi, qator oralari yumshatiladi, o’toq qilinadi, oziqlantiriladi, sug’orish normasi 5000-7000 m3/ga. Texnik jihatdan yetilgan, 50% o’simlikda 1-2 ko’sakcha hosil bo’lganda tola uchun o’riladi, maxsus mashinalarda po’stlog’i ajratib olinib, dalada quritiladi va lub (kanop) zavodlariga topshiriladi. Hosildorligi 90-100 ts/ga (quruq poya hisobida), 10-14 ts/ga tola, 3-6 ts/ga urug’. MDH davlatlarida faqat O’zbekistonning Toshkent viloyatida (50- yillarda qisman Tojikiston va Turkmanistonda ekilgan) yetishtiriladi (respublikada 90-yillarda Jut ekin maydoni 1000 gektar atrofida). Navlari. O’rta Osiyoda ekish uchun O’zbekiston qishloq xo’jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining lub ekinlari tajriba stansiyasida chiqarilgan O’zbekiston va O’zbekiston 53 navlari rayonlashtirilgan. Jut ildiz chirish kasalligi va kuzgi tunlamdan zararlanadi. Ad.: Ioffer R. F., Kapralova N.P., Agrotexnika djuta, M., 1951; Nazirov X. N., Biologicheskie osobennosti rosta i razvitiya djuta v Uzbekistane, T., 1966. Halima Otaboyeva.