Jonbos IV

Jonbos IV — O’zbekistonda birinchi topilgan neolit davriga (miloddan avvalgi 4— 3 — ming yillik) oid Kaltaminor madaniyatining eng nodir va muhim yodgorligi. Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi tekshirgan (1938-40, 1945). Jonbos IV da maydoni 300 m2 bo’lgan chayla qoldig’i topilgan. Chayla kattagina urug’ jamoasining yashash joyi bo’lib, unda qariyb 100-120 kishi yashagan. Kuygan qamish va xoda qoldiqlariga qaraganda chayla ustunli, oval shaklida bo’lib, qamish bilan yopilgan. Unda bitta katta va yigirmadan ortiq kichik o’choq o’rni qayd etilgan. O’choqlar girdi va chayladan baliq (cho’rtan, zog’ora, laqqa), hayvon (to’ng’iz, jayran, Buxoro bug’usi), qush suyaklari va tuxum po’choqlari hamda bir qancha mayda tosh qurollar topilgan. Tosh qurollar orasida tosh bolta va ponalar, keskich, o’roq hamda o’q-yoy paykonlari uchraydi. Topilgan sopol idishlarning tubi yumaloq bo’lib, sirtiga chizma naqsh berilgan.