Janna D’Ark
Janna D’Ark (Jeanne d’Arc), Orlean qizi, (taxminan 1412, Domremi qishlog’i — 1431.30.5, Ruan) — Frantsiyaning milliy qahramoni. Oddiy dehqon oilasida Janna D’Ark tug’ilgan, yoshligidan taqvodor bo’lib o’sgan. Yuz yillik urush (1337— 1453) davrida ingliz bosqinchilariga qarshi frantsuz xalqining umumxalq kurashiga rahbarlik qilib, urutshda tubdan burilish yasalishiga sababchi bo’lgan. Orlean qamalini eshitgach, u Vokuler shahriga kelib, qal’a boshlig’ini o’zining zimmasiga Frantsiyani inglizlardan xalos etish vazifasi yuklatilganligiga ishontira oldi. Erkakcha kiyingan va qurollangan Janna katta qiyinchiliklar bilan Valiaxd Shahzoda Karl qabuliga kirib (1429 yil Fevral) uni keskin harbiy harakatlarni boshlashga da’vat eta olgan. Yoshgina qizaloqqa frantsuz qo’shiniga qo’mondonlik qilish topshirilgach, Janna D’Ark ilohiy mujdalar yordamida birin-ketin ajoyib g’alabalarni qo’lga kirita boshlagan. Janna D’Ark qamaldagi orleanni xalos qilgach (1429 yil 8 may), unga Orlean qizi nomi berilgan. Pate yonidagi jangdagi g’alaba (1429 yil 18 iyun), Shampan grafligini ozod qilinishi uning obro’sini yanada oshishiga sabab bo’lgan. Janna Reymsni ozod qilib Valiaxd Karl VII ni Frantsiya qiroli deb e’lon qilgan va unga toj kiydirish marosimini o’tkazgan (1429 yil 17 iyul). Janna D’Arkning oddiy xalq va askarlar o’rtasida obro’si oshib ketishi qirol va saroy aristokratiyasiga yoqmagan. Uni harbiy harakatlarga rahbarlik qilishdan chetlatganlar. Kompen ostonalarida bo’lgan jangda Janna D’Ark inglizlarga ittifoqchi bo’lgan burgundlar tomonidan asir olingan (1430 yil 24 may) va Burgundiya gersogi uni 10000 livrga inglizlarga sotgan. 1430 yil oxirida inglizlar Janna D’Arkni Ruan shahriga keltirib, cherkov sudiga topshirganlar. Cherkov sudi uni dahriylik va jodugarlikda ayblagan. Janna D’Arkni ruanning Markaziy maydonida yoqishgan. Yuz yillik urush tugagach, Frantsiyada chaqirilgan oqlov jarayonida Janna D’Arkning aybsizligi tula isbotlangan (1456). Rim papasi keyinchalik uni avliyolar qatoriga qo’shgan (1920). Hozirgi kunda Janna qatl etilgan joy oq but chekilgan Marmartosh bilan belgilangan. U haqida juda ko’p ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan. F. Shiller «Orlean qizi», A. Frans «Janna D’Ark tarixi», B. Shou «Avliyo Janna» pesaxronikalarini yozishgan. M. Tvenning «Janna D’Ark» tarixiy romani o’zbek tilida nashr qilingan (T., 1965). Qahramon Rajabov.