Jinoiy jazo
Jinoiy jazo — jinoyat sodir etganlikda ayblangan shaxsga nisbatan davlatning majburlov chorasi. Sud hukmi bilan qo’llaniladi. Jinoiy jazoning qat’iy ro’yxati faqat jinoyat qonunida beriladi va JKda ko’rsatilmagan boshqa birorta chora Jinoiy jazo chorasi hisoblanmaydi. Jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsga nisbatan tayinlanadigan Jinoiy jazoning turi va og’irlik darajasi sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavfliligi darajasiga bog’liqdir. Jinoiy jazoning boshqa majburlov choralaridan farqi uning davlat nomidan sud tomonidan tayinlanishi, jazolash (ma’naviy, moddiy, jismoniy cheklash) darajasining ancha yuqori bo’lishi, mahkumning huquq va erkinliklari qonunda belgilangan tartibda jiddiy cheklanishidadir. O’zbekiston Respublikasining JKga ko’ra, Jinoiy jazo choralari quyidagilardan iborat: jarima, muayyan huquqdan maxrum qilish, axloq tuzatish ishlari, xizmat bo’yicha cheklash, qamoq, intizomiy qismga jo’natish, ozodlikdan mahrum qilish, o’lim jazosi, harbiy yoki maxsus unvondan mahrum etish.