Xakasiya
Xakasiya, Xakasiya Respublikasi — Rossiya Federasiyasi tarkibidagi respublika. Sharqiy Sibir Janubida joylashgan. Maydoni 61,9 ming km2. Aholisi 546,1 ming kishi (2002). Poytaxti — Abakan. 5 shahar, 13 shaharcha bor. Davlat tuzumi. Xakasiya — respublika. Respublika rahbari va ijroiya hokimiyat boshlig’i — hukumat raisi. Oliy ijrochi hokimiyat organi — hukumat. Oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat organi — Oliy kengash. Tabiati. Xakasiyada Janubiy Sibir tog’larining bir qismi joylashgan. Kuznesk Olatovining Sharqiy yon bag’irlari va Abakan tizmasi, G’arbiy Sayanning shimoliy yon bag’irlarini o’z ichiga olgan tog’lik qism va Janubda Minusinsk soyligi, shimolda Chulimenisey soyligini qamrab olgan pastbaland tekislikdan iborat. Foydali qazilmalardan toshko’mir, temir rudasi, mis, molibden, volfram va boshqalar bor. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarda o’rtacha temperatura — 16°, -20°, iyulda 18°-20°. O’rtacha yillik yog’in 300-700 mm. Asosiy daryosi — Enisey va uning irmog’i Abakan. Tuproqlari chimli o’rmon va chimli podzol. Hududining 40% o’rmon (tayga). Tog’larda igna bargli va keng bargli o’rmonlar bor, cho’qqilar tundraga xos. Xakasiya hududida «Chazi» va «kichik Abakan» tabiiy qo’riqxonalar bor. Aholisi xakas, rus, ukrain, tatar, nemis, mordva va boshqalar. Shahar aholisi 70,8%. Davlat tillari — xakas va rus tillari. Dindorlarning aksariyati pravoslavlar. Shaharlari: Abakan, Chernogorsk, Sayanogorsk. Tarixi. Xakasiya hududida paleolit davridan odam yashagan. 17-asr oxirida Xakasiyada yashovchi kabilalarda mayda xonliklar paydo bo’lgan. 17-18-asr boshlarida bu xonliklarni Rossiya bosib olib, o’z tarkibiga qo’shgan. 19-asr o’rtalarida Xakasiya hududida tovar-pul munosabatlari vujudga kela boshladi. Enisey guberniyasining asosan xakaslar yashaydigan Minusinsk uezdida 1917 yil noyabrda sho’ro hokimiyati o’rnatildi. Bu yerda sho’ro hokimiyatini tan olmagan xakaslar bilan «qizil»lar o’rtasidagi kurash 1923 yilgacha davom etdi. 1923 yil oxirida Xakaslar milliy uezdi tuzildi. 1925 yilda u okrugga aylantirildi. 1930 yil 20 oktabrda Krasnoyarsk o’lkasi tarkibida Xakasiya Muxtor viloyati tashkil etildi. 1991 yil iyuldan Xakasiya SSR, 1992 yil Fevraldan Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Xakasiya Respublikasi. Xo’jaligi. Yalpi mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 48,8%, qishloq xo’jalik 7,9% ni tashkil etadi. Asosiy sanoat tarmoqlari: rangli metallurgiya, elektr energetikasi, mashinasozlik, yengil va oziq- ovqat sanoati, qora metallurgiya, binokorlik materiallari sanoati, o’rmon, yog’ochsozlik va tsellyulozaqog’oz, kimyo va neft kimyosi sanoati. Toshko’mir (Minusinsk ko’mir havzasi), temir rudasi (Abakan koni), gips, ohak, marmar qazib olinadi. Sorskda molibden, Abaza, Chernogorsk, Askiz, UstAbakanda o’rmon va yogochsozlik korxonalari, UstAbakanda gidroliz zavodi, Chernogorskda qurilish materiallari korxonalari mavjud. Abakanda vagon, konteyner va avtokran zavodlari, poyabzal va trikotaj fabrikalari, go’sht, un kombinatlari, sut va sharbatvino zavodlari, konditer fabrikasi bor. Enisey daryosida Sayanshushensk va mayna Geslari qurilgan; Chernogorsk GRES, Abakan Tes ham bor. Qishloq xo’jaligiga yaroqli erlar 1650,1 ming gektar, shundan 665,5 ming gektar (40%) ekinzor. Go’shtsut chorvachiligi va mayin junli qo’ychilik salmokli o’rin tutadi. Asalarichilik va darrandachilik ham rivojlangan. Dehqonchilikda galla, kartoshka, sabzavot, yemxashak ekinlari yetishtiriladi. Transportida temir yo’l uzunligi 642 kilometr. Muhim temir yo’l tarmoqlari: Abakan—Tayshet—Irkutsk, Abakan—Novokuznesk, Abakan— Achinsk. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo’llari uzunligi 2471 kilometr. Asosiy avtomagistrallari: Usinsk trakti (Abakan—Minusinsk—Kizil), Abaza trakti (Abakan—Abaza—Oq Dovurak), Abakan— Chernogorsk—Krasnoyarsk avtoyo’li. Enisey daryosi va uning irmog’i — Abakanda kema qatnaydi. Ichki suv yullari uzunligi 495 kilometr. Asosiy porti — Abakan. Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 1990-yillar oxirida har 10 ming aholiga 35 vrach to’g’ri keldi. Bir qancha sanatoriykurort va dam olish muassasalari, shu jumladan, Shira ko’li balneologiyabalchiq bilan davolash kurorti bor. Xakasiyada 281 umumiy ta’lim maktabida 94 ming, 7 o’rta maxsus o’quv yurtida 6,7 ming o’quvchi, 1 oliy o’quv yurti (Xakasiya universiteti)da 6 mingga yaqin talaba ta’lim oladi. Xakasiyada til, tarix va adabiyot ilmiy tadqiqot institutlari bor. 400 dan ziyod ommaviy kutubxona, bir qancha klub muassasalari va kinoqurilma, Abakanda o’lkashunoslik muzeyi, drama va qo’girchoq teatrlari, «Jarki» xalq xoreografiya ansambli ishlaydi. Xakas va rus tillarida bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Mahalliy radio va televideniesi xakas va rus tillarida eshittirish hamda ko’rsatuvlar olib boradi. Adabiyoti. Xakasiya xalqining boy og’zaki ijodiyoti — ertak, rivoyat, afsona, qo’shiqlar bor. 20-asr boshlarida yozma adabiyot vujudga keldi. V. Kobyakov, A.Topanov, A.Kuzugashev asarlari nashr etildi. M.Kokov, M. Arshanov, P.Shtigashev o’z she’rlarida xakas qishloqlari hayotini aks ettirdi. 2-jahon urushi yillarida N.Domojakov, I.Kotyushev, I.Kostyakov vatanparvarlik ruhida asarlar yaratishdi. Shoirlardan M.Bainov, M.Chebodaev, M.Kilchichakov, V. Maynashev, A.Xallarov, adiblardan M. Tinikov, K.Nerbishev, G.Kazachinova, dramaturg V.Shulbaeva, adabiyotshunoslardan M.Ungviskaya, P.Troyakov, K.Antoshin, A.Kizlasova va boshqalar mashhur. Me’morligi va tasviriy san’ati. Xakaslarning an’anaviy turar joyi — kigiz yoki qayin po’stlog’i bilan o’ralgan, tomiga yupqa taxta va tunuka qoplangan 6-14 burchakli o’tovdan, shuningdek, xodalardan yasalgan chayla (kapa), yarim yerto’la va yog’och kulbalardan iborat bo’lgan. 20-asrda Abakan, Chernogorsk, Abaza, Sayanogorsk shaharlari barpo etildi, zamonaviy uy-joy, jamoat va madaniyat binolari qurildi. Xakasiya hududida 7-8-asrlarga oid temir, oltin, qalay va boshqa metall buyumlar (idish, qurol, zeb-ziynatlar) topilgan. Bu yerda azaldan yog’och o’ymakorligi, kashtachilik rivojlangan. 20-asr boshlarida dastgoh san’ati paydo bo’ldi. M. Burnakov, V.Novosyolov, M. Serebryakov kabi rassomlar, V.Todikov, V. Butanayev kabi grafiklar yetishib chiqdi. Musiqasi, asosan, xalq qo’shiqlaridan iborat, ular qisqa taxpax (mehnat, marosim, sevgi qo’shiqlari, nolalar), uzun ir (Aytishuv, yoryor)lardir. Qahramonlik (aliptir nim) va tarixiy afsona (kipchoox) ruhidagi doston va ertaklarda ham irlar uchraydi. Rivoyatlar («Albinchi», «Altin arig» va hokazolr) chatxan (chertma cholg’u) jo’rligida ichki ovoz bilan ijro etiladi. Cholg’ulari xomis, IIX deb atalgan torli, xobrax deb atalgan puflama, Tyur (buben) deb ataladigan zarbli, temir xomis (changqo’bizga yaqin) asboblardan iborat. 20-asrda balalayka, gitara, mandolina, bayan kabilar urf bo’ldi. Chatxan jo’rligida ertak ijro etuvchilar (xayjalar) xalq musiqa san’atining namoyandalaridir (X.Balaxchin, S. Kadishev, M. Dobrov va boshqalar). Professional musiqa 1920-yillardan so’ng rivojlana boshladi. Kompozitorlar orasida A.A.Kenel, G.Chelborakov, G.Kolmakov, N.Kataeva va boshqalar mashhur.