Maduray, Madura
Maduray, Madura — Hindistonning Janubiy qismidagi shahar. Vaygay daryosi bo’yida, Tamilnad shtatida. Aholisi 1,2 million kishi (2001). Temir yo’l tuguni. Mamlakatning muhim savdo va yirik to’qimachilik (ip gazlama, ipak gazlama) sanoati markazlaridan. Hunarmandchilikda qo’lda gazlama to’qiladi, jez buyumlari yasaladi. Qadimdan yog’och o’ymakorligi bilan mashhur. Maduray — qadimgi shahar. 2-asrdan Hindiston Janubdagi turli davlat va sultonliklarning poytaxti bo’lib kelgan. O’rta asrlarda Madurayda savdo-sotiq ishlari, hunarmandchilik juda rivojlangan, ko’plab me’moriy inshootlar qurilgan. Shahar 17-18-asrlarda iqtisodiy inqirozga uchragan va xarob ahvolga kelgan. 20-asrdan Maduray yana rivojlana boshladi. Me’moriy yodgorliklaridan Shiva ibodatxonasining ulkan majmuasi (12— 17-asrlar) bor. Uning «ming ustunli zal»i, qal’a devorlari, minoralari, «Oltin Nilufar hovuzi» va boshqa qismlari hamda Tirumanalanayka saroyi (17-asr) saqlangan.