Madhiya
Madhiya (Arabcha — maqtov, ta’rif) — biror shaxs, voqea yoki narsaning maqtoviga bag’ishlangan badiiy asar. Ba’zan asarning bir qismi ham Madhiyadan iborat bo’lishi mumkin. Arab, fors va o’zbek mumtoz adabiyoti an’analariga ko’ra, har bir yirik epik asarning bosh qismida maxsus (asosan, she’riy) maqtovlar berilgan. Odatda, bu maqtovlar falsafiy oqimlarning asoschilari, asar yozilgan paytdagi hukmdor va boshqalarga bag’ishlangan. Shuningdek, shoirlar o’zlaridan avval o’tgan buyuk shaxslarga maqtovlar bag’ishlashi ham odat bo’lgan (masalan, Navoiy «Xamsa»sidagi dostonlar muqaddimasida Nizomiy, Xisrav Dehlaviy, Jomiy madhi). Madhiya xarakteridagi asar turli janrlarda (masnaviy, g’azal, muxammas va boshqalar) yozilishi mumkin. Muayyan davlatga bag’ishlangan she’riy-musiqiy asar ham Madhiya hisoblanadi (baynalmilal tilda gimn).