Taxtako’pir tumani
Taxtako’pir tumani – Qoraqalpog’iston Respublikasidagi tuman. 1928 yil may oyida tashkil qilingan. 1963 yil Taxtako’pir tumani tugatilib, Chimboy tumaniga birlashtirilgan. 1965 yil o’z nomi bilan Chimboy tumanidan ajralib chiqqan. Taxtako’pir tumani janubdan Beruniy, Janubi sharqdan Ellikqal’a, g’arbdan Qorao’zak, shimoli g’arbdan Mo’ynoq tumani, shimoli sharqdan Qozog’iston Respublikasi va sharqsan Navoiy viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 21,1 ming km2. Aholisi 42,6 ming kishi (2004). Tumanda 1 shaharcha (Taxtako’pir), 8 ovul fuqarolar yig’ini (Beltov, Janadaryo, Mulik, Otako’l, Taxtako’pir, Qoraoy, Qorateran, Qo’ng’irotko’l) bor. Markazi — Taxtako’pir shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi Amudaryo quyi oqimi chap sohilida joylashgan. Relefi, asosan, tekislik va Beltov qirlaridan iborat. Shim.sharqi Qizilqum cho’li bilan tutashadi. Tumanda Borshining tog’i (balandligi Qorateran ko’lining yuzasidan 35-37 metr, Qizilqum bilan tutashgan joyda), Miskin, jalanash qumi, Amanda, Oqqum tepaliklari, Qorataqir, Shertaktaqir tekisliklari mavjud. Qizilqum cho’li qo’ylar uchun asosiy yaylov hisoblanadi. Beltovda qurilish materiallaridan gips, shag’al va boshqalar bor. Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq, qishi sovuq. Yillik o’rtacha temperatura 11°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -6°, eng past temperatura -35°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27°, eng yuqori temperatura 43°. Yillik yog’in miqdori 100 mm, asosan, qish va bahorda yog’adi. Tuman ekinzorlari Qizketgan kanalidan ajralib chiqqan Quvonchyorma kanali va uning tarmoqlari (Timpiy, Bo’zyop, Jilvonyop, Badrakyop)dan sug’oriladi. Eng yirik Qorateran ko’lida (maydoni 126 km2) baliq urchitiladi. Tog’etagidagi bu ko’l sohillari dam olish joyi hisoblanadi. Undan tashqari Otako’l, Mavdak, Echkio’lgan, Qorako’l, Aqbas va boshqa ko’llar bor. Tuproqpari botqoq, o’tloqi botqoq, sho’r, bo’z, taqir, sur, qo’ng’ir va qumli tuproqlardan iborat. Qumliklarda saksovul, selin, quyonsuyak, qizilcha, yantoq, oqbosh, ajriq, qoraborak, turang’il, jiyda, yulg’un, tol, Beltov qirlarida oqshuvoq va sho’ralar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan qobon, quyon, jayran, bo’ri, tulki, chiyabo’ri, bo’rsiq, qo’shoyoq, ko’rsichqon; sudraluvchilardan ilonlar, har xil kaltakesaklar, toshbaqa; qushlardan tuvaloq, to’rg’ay, chumchuq, qarg’a, burgut, boyo’g’li, to’qaylarda qiryuvul, qarchig’ay, qirg’iy, ko’llarda g’oz, o’rdak va boshqalar uchraydi. Baliqlardan sazan, laqqa, oq Amur, oq qayroq (jerex) va boshqalar ko’p, ondatra ham bor. Aholisi ning asosiy qismini qoraqalpoq va qozoqlar tashkil etadi, shuningdek, o’zbek, qirg’iz, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2ga 2 kishi. Shaharliklar 17,1 ming kishi, qishloq aholisi 25,5 ming kishi. Xo’jaligi. Tuman iqtisodiy negizini paxtachilik va chorvachilik tashkil etadi. Taxtako’pir tumanida «Taxtako’pirdon» sanoat korxonasi, 123 ta kichik va o’rta xususiy korxonalar, 7 aktsiyadorlik jamiyati, Qoraqalpog’iston — Qozog’iston «Taxtaqishloqmash» qo’shma korxonasi, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, savdo, madaniy, maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Elektr energiya Taxiatosh issiklik elektr stansiyasidan olinadi. Tuman qishloq xo’jaligi. asosan, paxtachilik, gallachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Sholikorlikka va qorako’lchilikka ham jiddiy e’tibor berilmoqda, shuningdek, bog’dorchilik, sabzavot va polizchilik ham rivojlangan. Taxtako’pir tumanida 32,7 ming gektar maydonda dehqonchilik qilinadi. Paxta, don, sholi, kartoshka, sabzavot va poliz, yemxashak ekinlari ekiladi. Tumanda 10 shirkat, 264 fermer xo’jaligi, 1 fermer xo’jaliklar uyushmasi mavjud. Shundan 4 shirkat xo’jaligi qorako’lchilikka ixtisoslashgan, qolganlarida, paxta, sholi bug’doy etishtiriladi. 264 fermer xo’jaligidan 254 tasi dehqonchilik, 3 tasi bog’dorchilik, 7 tasi chorvachilik bilan shug’ullanadi. Tuman xo’jaliklariga 5 muqobil MTP xizmat ko’rsatadi. Tuman va jamoa shaxsiy xo’jaliklarida 3997 qoramol (shundan 1316 sigir), 40255 qo’y boqiladi (2004), shuningdek, tuya, yilqi, echkilar ham bor. 2003/2004 o’quv yilida 23 umumiy ta’lim maktabida 10446 o’quvchi ta’lim oldi. Musiqa maktabi, 2 kasb-hunar kolleji, cho’pon bolalar maktabinternati, test markazi mavjud. Madaniyat uyi, 25 kutubxona, 10 klub muassasasi faoliyat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kasalxonasi (235 o’rin), bolalar kasalxonasi, qishloq kasalxonasi, stomatologiya poliklinikasi, 13 feldsherakusherlik punkti, 6 qishloq vrachlik punkti ishlab turibdi (2004). Taxtako’pir tumanida «Aydos qala» sanatoriysi bor. «Taxtako’pir tongi» tuman gazetasi (qoraqalpoq tilida) chiqadi.