Udmurtlar
Udmurtlar (eski nomi — votyaklar) — xalq, Udmurtiyaning tub aholisi (497 ming kishi). Umumiy soni 747 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Udmurt tilida so’zlashadi. Dindorlari — pravoslavlar. Udmurtlarning etnogenezi VyatkaKama daryo oralig’ida yashagan qadimgi qabilalar bilan bog’liq. Milodiy 1-mingyillik oxiri — 2-ming yillik boshida udmurt qabilalariga Volgakama Bulg’oriyasi sezilarli ta’sir ko’rsatgan. 16-asr o’rtalariga qadar Udmurtlar ma’muriy-hududiy birlikka ega bo’lmay, shimoliy Udmurtlar Vyatka yerlari tarkibiga, Janubiy Udmurtlar Qozon xonligi tarkibiga kirgan. Keyinchalik rus davlati tarkibiga to’la kirib, yagona bo’lib uyusha boshlagan. Udmurtlar, asosan, dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik bilan shug’ullanadi.