Uvildiriq
Uvildiriq — mollyuskalar, ignaterililar, suyakli baliqlar, suvda va quruqlikda yashovchilar va boshqalarning suvga tashlaydigan tuxumlari. Uvildiriq suv tubiga yoki suv qa’riga tashlanadi. Suv tubiga tashlanadigan Uvildiriq suvdan og’irroq yoki yopishqoq bo’ladi. Baliqlar bunday Uvildiriqni suv ostidagi narsalarga va o’simliklarga yopishtirib yoki suv ostiga ko’mib qo’yadi. Suv qa’riga tashlanadigan Uvildiriq suvdan yengil bo’lganidan suvda qalqib turadi. Uvildiriq o’lchami 0,6 millimetrdan (qum baliqda) 7,0 millimetrgacha (ayrim losossimonlarda). Uvildiriq soni bir necha o’ndan yuz va milliongacha (oybaliq) bo’ladi. Dengiz tipratikanlari, suvda va quruqlikda yashovchilar uvildirig’i klassik tadqiqot ob’yekti. Ko’pchilik ignaterililar (dengiz bodringlari, tipratikanlari va boshqalar) uvildirig’i iste’mol qilinadi. Tuzlangan va konservalangan osyotrsimonlar hamda losossimonlar uvildirig’i tansiq taom hisoblanadi.