Usmonlilar sulolasi
Usmonlilar sulolasi — Kichik Osiyo, Bolqon, Sharqiy Yevropa, yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, qisman Kavkaz va Qrimda hukmronlik qilgan turk sultonlari sulolasi (1299-1922). Usmonli turk imperiyasi davlatini boshqargan. Sulola nomi uning asoschisi Usmon I ibn Erto’g’rul nomidan olingan. Movarounnahr va Xurosonda yashovchi o’g’uz turklarining qay (qayig’) urug’iga mansub qavm Erto’g’rul boshchiligida 13-asr 20-yillari — mo’g’ullar istilosi davrida kichik Osiyoga borib, o’rnashib qolishgan. Ular saljuqiylarning Ko’niya sultonligi hududida mustaqil beklik tashkil qilishgan. Erto’g’rul beklik boshqaruvini 1281 yilda o’g’li Usmon I G’oziyga topshirgan. Bu beklik 1299 yilda o’zini mustaqil davlat deb e’lon qilgan. Keyinchalik bu davlat Usmonli turk sultonligi nomi bilan dunyoga tanilib, o’rta asrlarda jahondagi eng qudratli davlatga aylangan. Sulola vakillari o’zlarini avval bek (Bey), so’ngra Sulton (Murod I dan boshlab) deb ataganlar, keyinchalik eng yuqori diniy unvon — xalifa unvonini ham o’zlariga qo’shib olganlar (Salimdan boshlab). Usmonlilar sulolasi sultonlari quyidagilardan iborat: Usmon I (1299-1324), Urxon (1324— 1359), Murod I (1359-1389), Boyazid I (1389-1402), Boyazid I o’g’illari Sulaymon Chalabey, Muso Chalabeylar, Mehmed Chalabeylarning taxt uchun kurashi (1402-13), Mexmed I (1413-21), Murod II (1421-44; 1446-51), Mehmed II Fotix (1444-46; 1451-81), Boyazid II (1481-1512), Salim I (1512-1520), Sulaymon I Qonuniy (1520-66), Salim II (1566-74), Murod III (1574-95), Mehmed III (1595— 1603), Ahmad I (1603-17), Mustafo (1617-18; 1622-23), Usmon II (1618— 22), Murod IV (1623-40), Ibrohim (1640-48), Mehmed IV (1648-87), Sulaymon II (1687-91), Ahmad II (1691-95), Mustafo II (1695-1703), Ahmad III (1703 — 30), Mahmud I (1730-54), Usmon III (1754-57), Mustafo III (1757-74), Abdulhamid I (1774-89), Salim III (1789-1807), Mustafo IV (1807-08), Mahmud II (1808 — 39), Abdulmajid (1839-61), Abdulaziz (1861-76), Murod V (1876), Abdulhamid II (18761-909), Mehmed V Rashid (1909-18), Mehmed VI Vaqiduddin (1918-22), Mustafo Kamol (Otaturk) tashabbusi bilan Turkiyada sultonlik tugatilgach (1922 yil 1 noyabr), so’nggi Sulton Mehmed VI xorijga jo’nab ketishga majbur bo’lgan. Ad.: Bosvort K.E., Musulmanskie dinastii, M., 1971; Stenli Len —Pul, Musulmanskie dinastii, Moskva— Tashkent—Bishkek, 1966.