Urush

Urush — ijtimoiy guruhlar, millat (xalq)lar, davlatlar o’rtasidagi nizolarning kuch, odatda, qurolli kuchlar yordamida qal qilinishi. Urushda asosiy va hal qiluvchi vosita sifatida qurolli kuchlardan, shuningdek, kurashishning iqtisodiy, siyosiy, g’oyaviy va boshqa vositalaridan foydalaniladi. Urushlar davlatlar olib boradigan ichki va tashqi siyosat natijasidir. Urush kelib chiqishining omillari turlicha bo’lib, bu omillar Urushning xususiyati va sodir bo’lgan davriga bog’liq. Har qanday qurolli to’qnashuvni Urush deb bo’lmaydi. Urush oldindan tayyorgarlik ko’rilgan, muayyan maqsad yo’lida olib boriladigan harbiy harakatlardir. Urush holati davlatlar o’rtasida qurolli to’qnashuvsiz ham mavjud bo’lishi mumkin. Masalan, ikki davlat o’rtasida Urush harakatlari to’xtatilgandan keyin ular o’zaro sulh tuzishmasa, Urush holati davom etaveradi. Biroq, endi ular o’rtasida qurolli to’qnashuvlar yuz berishi shart emas. Urushlarni quyidagicha tasniflash mumkin: jahon Urushlari; mahalliy Urush, fuqarolar urushi; milliy ozodlik Urushlari Jahon Urushlari dunyoda yetakchilik da’vosini qiladigan davlatlarni qamrab oladigan katta harbiy kuchlarning qurolli to’qnashuvidir. Mahalliy Urushlar, asosan, ikki yoki bir necha mamlakatlar o’rtasida olib boriladigan Urushlardir. Bunday urushlarning kelib chiqishi ham tomonlarning olib boradigan siyosati va uning natijalariga bog’liq. Milliy ozodlik Urushlari mamlakatni mustamlakachilik zulmidan ozod bo’lishi uchun olib borilgan. Tarixda Urushlar dunyo siyosiy xaritasining qayta shakllanishiga, chegaralarni qaytadan belgilanishiga sababchi bo’lgan. Urushlar tufayli ko’p davlatlar o’zini saqlab qolmay, imperiyalarga qo’shilib ketgan. Urushlar ayrim davlatlarning parchalanishi, bo’linishiga olib kelib, ularni parokanda ahvolga solib qo’ygan. Urushlarning sanoatlashuvi (ya’ni qurollanish sohasida, shuningdek, qurolli kuchlarni «harbiy mashina» sifatida tashkil qilishda sanoat ishlab chiqarishi usullarini qo’llash) mahalliy Urushlarning umumjahon Urushiga aylanishiga sabab bo’ldi. 20-asr boshlanishidan avval eng yirik Urushlarda ham aholining kichik qismi, odatda, jangda bevosita qatnashayotgan askarlar va jang sodir bo’layotgan yer aholisi ishtirok etar edi. Birinchi jahon urushi ko’p jihatdan harbiy kuchlarning rivojlanishini belgilab berdi. Bu Urush ham miqyosi, ham ishtirok etgan davlatlar soni jihatdan nomiga yarasha edi. Undagi qurbonlar soni avval sodir bo’lgan Urushlardagidan ko’p baravar ortib ketdi. Bu Urushdan so’ng insoniyatga qirg’in keltiruvchi qurollar yaratilishiga zo’r berila boshlandi. Ikkinchi jahon urushida va undan keyingi harbiy harakatlarda nafaqat harbiy, balki tinch aholi orasidagi qurbonlar soni aql bovar qilmas darajada katta bo’ldi. Umuman, tadqiqotchilar keyingi 3 asrda ming va undan ortiq odam halok bo’lgan. Urushlarni hisoblab chiqib, quyidagi raqamlarni qayd etishadi: 18-asrda 68 ta, 19-asrda 205 ta, 20-asrda 237 ta Urush bo’lgan, ularda qurbon bo’lganlar soni 18-asrda 4,4, 19-asrda 8,3 va 20-asrda 100 million kishidan ortgan. So’nggi 5,5 ming yil mobaynida esa, jami 14,5 mingga yaqin katta va kichik Urush (shu jumladan, 2 ta jahon Urushi) bo’lgan, ularda 3,6 milliarddan ortiq kishi halok bo’lgan, epidemiyalar va ocharchilikdan ulgan. Hozirgi sharoitda 1980-yillar oxiridan «sovuq urush» tugaganligi munosabati bilan jahon yadro Urushi xavfi kamaydi. Biroq lokal Urush deb atalgan Urushlar — diniy, hududiy va milliy janjallar, qabilaviy adovat va boshqalar bilan bog’liq harbiy nizolar davom etmoqda. Jahon hamjamiyati davlatlar o’rtasida kuch bilan xavf solish va kuch ishlatishni inkor etuvchi munosabatlar tizimini vujudga keltirishga intilib keladi. 1945 yilda BMT Ustaviga u.dan xalqaro muammolarni hal etishning vositasi sifatida voz kechish printsipi kiritilgan. O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida Urushni targ’ib qilganlik uchun javobgarlik belgilangan (150-modda).