Uchtut chaqmoqtosh konlari
Uchtut chaqmoqtosh konlari — ashel, muste va yuqori paleolit davrlarida tayyorlangan tosh qurollar uchun xom ashyo manbalari. Uchtut chaqmoqtosh konlari miloddan avvalgi 5-4 ming yilliklarga oid. 1958 yil Buxoro viloyati Navoiy tumanining Uchtut qishlog’i yaqinidan Ya. G’ulomov rahbarligidagi Mohrndaryo ekspeditsiyasi a’zolari tomonidan topilgan va shu qishloq nomi bilan atalgan. 1961-67 yillari M.R.Qosimov va 1967-80 yillar T.Mirsoatov tomonidan o’rganilgan. Konning umumiy maydoni 8000 m2 bo’lib, shundan 1000 m2 qazib o’rganilgan va 32 ta chaqmoqtosh koni ochilgan. Uchtut chaqmoqtosh konlari Voronka yoki oval shaklida (eni 95-110 santimetrdan 4— 5,5 metrgacha, chuqurligi 5-5,5 metrgacha) bo’lgan. Tog’ jinsiga 1-2 metr qolganda konlar 3— 4 martagacha kengayib borgan. Uchtut chaqmoqtosh konlarining tuproq qatlamidan saqlanib qolgan qurol izlari shaxtalar qanday qurollar yordamida qazilganligini aniqlash imkonini beradi. Uchtut chaqmoqtosh konlarining tuproq qatlamidan bug’uning kurak suyagi, yog’och qurollarning izlari, shaxtalar ichidan uchi silliqlangan hayvon shoxlari topilgan. Chaqmoqtoshlarni tosh qurollar bilan kavlab tog’jinsidan ajratib, so’ngra og’ir vazndagi qayroq toshlar bilan urib, bir necha bo’laklarga bo’lganlar. Nam tortgan chaqmoqtosh mo’rtroq bo’lib, qurol yasash oson bo’lgan. Odamlar kon yaqinida chaqmoqtoshlardan qurollar yasab, ibtidoiy ustaxonalar vujudga keltirishgan. Bunday toshga ishlov berish joylari Qizilqumning boshqa rayonlaridan ham topilgan. Bunga Amudaryo bo’g’ozi yaqinidagi Sultonuizdog’ Toshkon makoni misol bo’la oladi. Hozirgacha Uchtut chaqmoqtosh konlaridan 35 xil tosh hamda hayvon shoxidan yasalgan qurollar topildi. Bular qadimgi odamlarning Uchtut chaqmoqtosh konlaridan uzoq muddat davomida xom ashyo manbai sifatida foydalanganini ko’rsatadi.