Urusxon

Urusxon (? 14-asrning 70-yillari 2-yarmi) — Jo’eki ulusining Sharqiy qismi — Oq O’rda xoni (14-asrning 60-yillari birinchi yarmidan). Urusxon davlatining poytaxti Sig’noq shahri bo’lgan. Urusxon Oq O’rdadagi hokimiyatini mustahkamlab olgach, Oltin O’rdani ham o’z tasarrufiga kiritishga harakat qilgan. 70-yillar o’rtalarida u Hojitarxon, Volgakama Bulg’oriyasi va Saroy Berka shahrini egallagan. To’xtamish bilan ko’plab janglar qilgan. Bu janglarda g’alaba doim Urusxon tomonida bo’lgan. To’xtamish Amir Temur huzuriga qochib borib, undan yordam so’ragan. Sohibqiron Jo’ji ulusida bo’lib o’tayotgan voqealarni ziyraklik bilan kuzatib borardi. Shimoliy Xorazm va oq O’rda Movarounnahrga chegaradosh edi. U Oltin O’rda xoni o’ziga tarafkash, tobe bo’lishini istardi. Shu tufayli u To’xtamishni yaxshi kutib olib Urusxonga qarshi kurashida unga bir necha marta harbiy madad bergan. Biroq Urusxonning o’g’li To’xtaqiya To’xtamishga qaqshatqich zarba bergan, yarador To’xtamish Sirdaryo bo’yidagi qamishzorlarga yashiringan, so’ngra Sohibqiron panohiga qochib borgan. Urusxon Amir Temurning Buxorodagi qarorgohiga elchilar yuborib To’xtamishni topshirishni talab qilgan. Sohibqiron bu taklifni qat’iy rad etib, tez orada o’zi jangga kirishini aytgan. Amir Temur Urusxonga qarshi yurish boshlagan, qo’shinni Sirdaryodan o’tkazib, O’tror atrofidagi tekislikda qarorgoh qurgan. Urusxon qo’shini esa, Sharafuddin Ali Yazdiyning ma’lumotiga ko’ra, O’trordan 24 farsax naridagi Sig’noqda joylashgan edi. Qattiq qish, tinimsiz yomg’ir va qor har ikki qo’shin faoliyatiga ta’sir ko’rsatgan. Ular mayda to’qnashuvlarni hisobga olmaganda, deyarli uch oy birbirlariga qarshilik ko’rsatmasdan ro’baro’ turganlar. Har ikki sarkarda hech bir natijaga erisholmagach, ortlariga qaytishgan. Shundan so’ng Amir Temur bir necha oy Keshda bo’lgan va Urusxonga qarshi yurish boshlash uchun o’ziga To’xtamishni yo’lboshlovchi qilib olgan. Jayronqamishga yetganlarida Urusxonning vafot etganidan xabar topishgan. Urusxonning to’ng’ich o’g’li To’xtaqiya ham ko’p o’tmay (1375) vafot etgan. Sohibqiron To’xtamishga kerakli aslahalarni berib, uni shu yerda qoldirib, o’zi Samarqandga qaytgan. Urusxon davrida oq O’rdada suyurg’ol in’om etish keng amaliyotda bo’lgan. Urusxon vafotidan so’ng va uning vorislarining qisqa muddatli hukmronligidan keyin Urusxonning barcha yer-mulklarini To’xtamish Amir Temur yordamida egallab olgan (14-asrning 70-yillari oxiri). Ad.: Sharafuddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1997; Abduraimov M., Temur va To’xtamish, T., 2000.