Urxun-Yenisey yozuvi, qadimgi turk runik yozuvi
Urxun-Yenisey yozuvi, qadimgi turk runik yozuvi — tosh, metall, yog’och va boshqalarga o’yib bitilgan qadimgi turkiy yozuvlar. 5-8-asr (ba’zi manbalarda 8-10-asr) larga mansub. Urxun va Yenisey daryolari havzalaridan topilganligi sababli shu nom bilan yuritiladi. Tashqi ko’rinishidan got (qadimgi german) yozuviga o’xshash bo’lganligi uchun runik yozuv deb ham atalgan. Urxun-Yenisey yozuvi haqida dastlab 18-asrning boshlarida rus olimi S. Remezov, keyinroq shved olimi F. Stralenberg xamda nemis olimi D.G. Messershmidtlar xabar bergan. Bu yozuv (lar)ning turkiy xalqlarga mansubligini birinchi marta frantsuz olimi J.P. Abelremyuza (1820), so’ngra rus olimi N.M. Yadrintsev (1889) isbotlagan. 1890 yil N.M. Yadrintsev va 1891 yil V.V. Radlov rahbarligida Urxun daryosi bo’yiga uyushtirilgan arxeologik ekspeditsiyalar natijasi sifatida 1892 yil 2 ta atlas e’lon qilindi. Bu atlaslarda bosilgan Urxun-Yenisey yozuvi matnlarini birinchi bo’lib daniyalik tilshunos V. Tomsen o’qishga muvaffaq bo’ldi (1893 yil noyabr). V. Tomsendan so’ng V. V. Radlov turk shahzodasi Kultegin (8-asr) xotirasiga bitilgan ulkan toshdagi matnning transliteratsiya va transkripsiyasink tuzib, nemis tiliga tarjima qildi. Bu material qadimgi turkey til qurilishi, fonetikasi, morfologiyasi va leksikasi yuzasidan dastlabki tasavvurni shakllantirdi. Urxun-Yenisey yozuvining kelib chiqishi haqida mutaxassislar o’rtasida tan olingan yagona fikr yo’q. Bu haqdagi nisbatan keng tarqalgan mulohazaga qaraganda, mazkur yozuv o’z kelib chiqishiga ko’ra Sug’d va paxlaviy yozuvlari orqali oromiy yozuviga borib taqaladi. Urxun-Yenisey yozuvining paydo bo’lish joyi va vaqti ham hozircha uzil-kesil hal qilingan masala emas. Bu yozuv paydo bo’lish o’rni va vaqti bilan bog’liq bo’lgan ayrim grafik xususiyatlari tufayli Urxun, Talas, Yenisey variantlariga ega. Bularning eng qadimiysi Urxun variantidir. Bu yozuvlar turkiy tillarga uyg’un, mos, ancha mukammal, Arab yozuvidan ko’ra yozilishi va o’qilishi birmuncha qulay bo’lgan. O’rta Osiyo, Qozog’iston va turkey xalqlar yashagan boshqa ko’p joylar arablar tomonidan bosib olingach, bu mamlakatlarda Arab yozuvi keng tarqaladi. Mazkur yozuv, Arab yozuvi singari, o’ngdan chapga qarab yozilgan va O’qilgan. Urxun-Yenisey yozuvi 38 belgi (harf)dan iborat bo’lib, fonetik yozuv tizimiga kiradi. Har bir tovush yoki tovushlar birikmasi maxsus harflar bilan ifodalanib, bir-biriga ulanmay, yakka-yakka yozilgan. Ko’p hollarda (asosan, so’z boshida va o’rtasida) unli harflar yozilmagan. Urxun-Yenisey yozuvida tinish belgilari ishlatilmagan. So’zlar, ba’zan morfema yoki so’z birikmalarini bir-biridan ajratish uchun ular o’rtasiga ikki nuqta (:) qo’yilgan, shartli ravishda u «ayirg’ich» deb nomlangan. Urxun-Yenisey yozuvining Lenabaykal bo’yi, Yenisey, Mo’g’ul, Oltoy, Sharqiy Turkiston, O’rta Osiyo, Sharqiy Yevropa kabi guruhlari aniqlangan. Urxun-Ynisey yozuvidan namunalar olingan. Urxun-Yenisey yozuvini tekshirish va o’rganishda V. Tomsen, V.V. Radlov, P.M. Melioranskiy, A.A. Polovtsev, G. Geykel, SE. Malov, L.N. Gumilyov, D. Nemet kabi rus va yevropalik olimlarning xizmatlari katta. O’zbek olimlaridan akademik G’. Abdurahmonov va A. Rustamov, professor N. Rahmonovlar ham Urxun-Yenisey yozuvini o’rganib, muayyan tadqiqotlarni amalga oshirganlar. Ushbu yodgorliklarni tadqiq etish hozirgi kunda ham davom etmoqda. Urxun-Yenisey yozuviga xos ayrim leksik birlik va grammatik shakllar hozirgi o’zbek, uyg’ur, ozarbayjon, qirg’iz, qozoq, turkman, qoraqalpoq, tatar, boshqird, qorachoy, bolqor va boshqa turkiy tillarda uchraydi. Urxun-Yenisey yozuvi turkiy tillar tarixi, madaniyati, etnografiyasi, til va yozuvlari tarixini o’rganishda qimmatli manba bo’lib xizmat qiladi. Ad.: Malov S.E., Pamyatniki drevnetyurkskoy pismennosti, M., — L., 1951; Malov S.E., Eniseyskaya pismennost tyurkov, M., —L., 1952;Aydarov G., Yazik orxonskogo pamyatnika Bilgeka- Gana, Almaata, 1966; Klyashtorniy S.G., Drevnetyurkskie runicheskie pamyatniki kak istochnik po istorii Sredney Azii, M., 1964; Abdurahmonov F., Rustamov A., Qadimgi turkiy til, T., 1982.