Ugorsimonlar

Ugorsimonlar (Anguilliformes) suyakli baliqlar turkumi. Uzunligi 10 santimetrdan 3 metrgacha, vazni 15 grammdan 65 kilogrammgacha. Shakli ilonga o’xshash. Jabra yoylari nurlari 6-51 ta; ba’zan bo’lmaydi. Suzgich pufagi ochiq, suzgichlari tikansiz. Orqa va anal suzgichlari uzun. Qorin, ba’zan ko’krak suzgichlari bo’lmaydi. Yelka kamari suyagi miya qutisi bilan tutashmagan. Lichinkasi bargsimon, shaffof. 23 oila (jumladan, murenasimonlar), 400 turi bor. Asosan, barcha okeanlar tropik suvlarida tarqalgan. Faqat ugorlar chuchuk suvlarda yashaydi, lekin dengizda ko’payadi. Ko’pchilik Ugorsimonlar sayoz suvlarda yashirin hayot kechiradi. Ayrim Ugorsimonlar chuqur suvlarda (4000 metrgacha) uchraydi. Asosan, yirtqich hayot kechiradi. Bir qancha turlari ovlanadi. Boltiq va Qora dengiz havzalarida oddiy ugor, Boltiq dengizida dengiz ugori yashaydi.