Un-yorma sanoati
Un-yorma sanoati — oziq-ovqat sanoatining g’alla donlarini qayta ishlaydigan tarmog’i. Asosiy mahsuloti un va yorma. Un tortish qadimdan ma’lum. Dastlab donlar yorg’uchoq (toshyorma) va o’g’irda yanchilgan, qo’l tegirmonda yorma yoki un qilingan, keyinchalik suv tegirmonlari, 17-asrda kam suvli joylarda shamol tegirmonlari qurildi. 1786 yil Buyuk Britaniyada, 1818 yilda Rossiyada bug’ bilan ishlaydigan dastlabki tegirmonlar paydo bo’ldi. Elektr energiyasi paydo bo’lishi bilan tegirmonlar asosan shu energiya bilan ishlatila boshlandi va soha jadal rivojlandi. O’rta Osiyoda, xususan, O’zbekistonda ham g’alla qadimdan mayda suv tegirmonlarida tortilgan. 1870 yilda hozirgi O’zbekiston hududida kepakli jaydari un tortiladigan, unumdorligi bir sutkada bir necha tsentner bo’lgan 5 mingdan ortiq tegirmon bo’lgan. 1903 yilda 1975 ta kichik suv tegirmoni ishladi. Birinchi katta tegirmon (zavod) 1883 yilda Toshkentda, ikkinchisi 1898 yilda Samarqandda qurildi. Keyinchalik yirikroq tegirmonlar Andijon (1901) va boshqa shaharlarda ham paydo bo’ldi. 1908 yilda Turkiston o’lkasida 26,4 ming tonna, 1913 yilda 37,9 ming tonna un tayyorlangan. 1918 yil yirik tegirmonlar natsionalizatsiya qilindi, 1920 yil «Turkun» — Turkiston Respublikasi un sanoati tresti tashkil etildi, uning tarkibida 21 un korxonasi, 6 ta guruch zavodi ishladi. O’sha yillarda O’zbekistonda xususiy mulk bo’lgan 4510 suv tegirmoni va objuvozlar bor edi. 30-yillardan boshlab viloyatlar markazlari, sanoat korxonalari joylashgan yirik shaharlarda yangi un zavodlari va kombinatlari qurilishi boshlandi. 1932 yilda don mahsulotlarini tayyorlash, Qayta ishlash va sotish bilan shug’ullanadigan «O’zdontayyorlov» respublika idorasi tuzildi (1992 yildan «O’zdonmahsulot» davlat aktsiyadorlik korporatsiyasi). 1941 yilga kelib respublikada sanoat yo’li bilan un ishlab chiqarish 10 marta ko’paydi (345,8 ming tonna). 60-70-yillarda 3 navli un tortadigan, 240 t/sutka quvvatli 8 ta un kombinatlari ishga tushirildi. 1970 yilda Respublika un zavodlarining ishlab chiqarish quvvatlari 3243 t/sutkaga yetkazildi. 1991 yildan keyin qishloq joylarda ko’pgina jamoa, shirkat xo’jaliklarida kichik va o’rta biznes tadbirkorlari tomonidan elektr quvvati bilan ishlaydigan kichik tegirmonlar qurish rivoj topdi. «O’zdonmahsulot» korporatsiyasi tarkibida navli un, manniy yormasi ishlab chiqariladigan 52 zavod bor. Ularning 20 tadan ko’prog’i zamonaviy texnologik uskunalar (asosan, Shveytsariyaning «Byuller AG» firmasi) bilan jihozlangan (2004). Oziq-ovqat sanoatining yana bir muhim tarmog’i yorma sanoatida suli, marjumak, bug’doy, arpa, makkajo’xori, sholi va dukkakli ekinlar (no’xat, loviya, yasmiq) donidan har xil yorma ishlab chiqariladi. O’zbekistonda, asosan, sholidan turli navli guruch tayyorlanadi. Uning yirik korxonalari Toshkent, Muzrobod, Xo’jayli, Shumanay, Xonqa, Bog’ot va boshqa shaharlarda joylashgan. «Navoiydonmahsulot» kombinatida qandolatchilik va non sanoati uchun makkajo’xori yormasi bilan birga makkajo’xori uni ham ishlab chiqariladi. 2003 yilda O’zbekiston Un-yorma sanoati korxonalarida 971,1 ming tonna un, 36,9 ming tonna yorma, shu jumladan, 35,6 ming tonna guruch ishlab chiqarildi (2000 yilda tegishlicha 1756,1; 88,5; 84,3 ming tonna). Jahondagi rivojlangan mamlakatlarda bug’doy uni oziq-ovqat mahsuloti tayyorlashda asosiy o’rinda turadi. Bu mamlakatlarda aholi jon boshiga non iste’mol qilishning pasayib borishiga qaramay, un ishlab chiqarish hajmi o’sib bormoqda. AQSh, Kanada, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Italiya, Meksika, Braziliya va boshqa mamlakatlarda unyorma ishlab chiqarish sanoati yaxshi taraqqiy etgan. Ad.: Butkovskiy V.A., Mukomolnoe proizvodstvo, M., 1990.