Unashtirish
Unashtirish — nikoh to’yidan oldin yigit va qiz tomonning roziligini rasmiylashtirish uchun o’tkaziladigan marosim. O’zbeklarda Unashtirish quyidagi ko’rinishda amalga oshirilgan: belquda — yaqin do’st-birodarlar o’z ayollari homiladorligi paytida, hali tug’ilmagan bolalarni bir-biriga atashtirib qo’yishgan. Go’dak tug’ilib ulg’aygach, turmush qurishlari mumkin bo’lgan; beshik- kerti (beshikquda, baxshanna, gavrobaxsh, gavrobannon, etak yirtdi, etak chatdi) — beshikda unashtirish. Bunday Unashtirish odatlari hozirgi kunda kamdan-kam uchraydi. Amaliyotda balog’atga yetgan yigit va qiz ikki oila xohish-istagi bilan unashtiriladi. Bunda ota-ona o’z o’g’illarini uylantirish uchun qat’iy bir qarorga kelganlaridan so’ng qiznikiga sovchi yuborishadi. Qiz tomon rozilik bersa, ikki yoshning unashtirilganligi munosabati bilan kichik to’y — fotiha to’yi o’tkaziladi. Unashtirilgan qiz «fotihali qiz» deb ham nomlanadi.