Usmonov Mahmud
Usmonov Mahmud (1910 — Toshkent — 1997.1.7) — ganchkor usta, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademik (1997), O’zbekiston xalq rassomi (1977). Hunarni otasi usta Usmon Ikromovdan, keyinchalik Usta Shirin Murodovdan o’rgangan. Usmonov ijodida Toshkent ganchkorligi san’ati an’analarini rivojlantirdi, uni yangi mazmun bilan boyitdi; islimiy va girih naqshlarni mahorat bilan qo’llab jozibador naqsh mujassamotlari yaratli; u ishlagan naqshlar nafis, aniq va lo’nda, o’ymalari mukammalligi bilan diqqatga sazovor. Usmonov O’zbekiston amaliy san’at muzeyi (sobiq Polovtsev uyi)ni ta’mirlashda, Navoiy teatri va Muqimiy teatrini bezashda faol qatnashgan; Hamza teatri (1967-68), Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi (1968), Samarqand aeroporti (1969), O’zbekiston xalqlari tarixi muzeyi (1969-70), O’zbekiston san’at muzeyi (1973), «Buyuk ipak yo’li» metro bekati (1980) va boshqalar, shuningdek, xorijdagi (Donesk, Kiyev, Toshxrvuz, Chimkent va boshqalar) jamoat binolarini ganchkorlik bilan bezashda ustalarga rahbarlik qilgan. Usmonov pedagog sifatida faoliyatini bolalar uyida boshlagan (1935-48), Toshkentdagi bolalar va o’quvchilar uylari, saroyida ganch o’ymakorligi to’garagiga rahbarlik qilgan (1948-68); Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurtida dars bergan (1952-60). Usmonov ko’plab shogirdlar tayyorlagan, ular (Abdurahim Umarov, A. Sultonov, M. Sultonov, Farzandi Mirvohid Usmonov va boshqalar) ustozlarining ishlarini davom ettirmoqda. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1970). Ac: San’atim — saodatim, T., 1983.