Umurtqa pog’onasi
Umurtqa pog’onasi — odam va umurtqali hayvonlar skeletining asosiy qismi. Ontogenezpa tog’ayli yoki suyakli umurtqa tanasi rivojlanib, embriondagi xordaning dastlab bir oz qismi, keyinchalik hammasini egallagan. To’garak og’izliyaar, ikki xil nafas oluvchilar, yaxlit boshlilar, osyotrsimonlarning voyaga etgan individlarida Umurtqa pog’onasi yo’q, juft yoylar esa yaxshi rivojlangan xordaga joylashgan. Suvdagi umurtqali hayvonlarning quruqlikda yashashga o’tishi Umurtqa pog’onasining tayanch rolini oshirdi. Umurtqa pog’onasi orqa miyans ham ta’sirlardan himoya qiladi. Umurtqa pog’onasi ahamiyatiga ko’ra qator qismlarga bo’linadi. Baliqlar Umurtqa pog’onasi qovurg’ali tana va dum, quruqlikdagi umurtqali hayvonlarniki bo’yin, ko’krak, bel (ba’zi guruh vakillarida yo’q), dumg’aza va dum qismlaridan iborat. Boshni atrofga harakatlantirish zarurati bo’yin qismining paydo bo’lishiga olib kelgan. Amfibiyalarda bitta, sudralib yuruvchilarda 4-9 (ba’zilarida ko’p), qushlarda 11-25, sut emizuvchilarda 7-10 ta bo’yin umurtqasi bor. Umurtqa pog’onasining ko’krak qismida qovurg’alar bo’lib, ko’pchiligi to’sh suyagi bilan birikib ko’krak qafasinn (amfibiyalarda yo’q) hosil qiladi. Bel qismda (amfibiyalar va sudralib yuruvchilarda yo’q) rudimentar qovurg’alar mavjud. Dumg’aza umurtqalari (amfibiyalarda bitta, sudralib yuruvchilarda 2, sut emizuvchilarda 1 -10 ta va hokazolar) chanoq suyagi bilan ko’rinishi o’zgargan qovurg’alar yordamida tutashgan. Odamda Umurtqa pog’onasi bo’yin, ko’krak, bel, dumgaza va dum suyaklari — umurtqalarning ustmaust qo’shiluvidan tashkil topadi. Umurtqa pog’onasi shu umurtqa tanalarining orasida joylashgan Tog’ay disklar hisobiga uzayadi. Umurtqalar bir-biriga ulanib borishi natijasida umurtqa kanali hosil bo’lib, unda orqa miya yotadi. Odam Umurtqa pog’onasi kishining tik yurishiga moslashgan bo’lib, pastga qarab kengayib boradi. Umurtqa pog’onasining bo’yin, bel, ko’krak va dumgaza qismlarida fiziologik bukilmalar bor. Bo’yin va bel qismidagi bukilmalar lordoz (fiziologik lordoz), ko’krak va dumg’aza qismidagi bukilmalar kifoz (fiziologik kifoz) deb ataladi. Bo’yin va bel qismlari oldinga, ko’krak va dumgaza qismlari orqaga qarab bukilgan bo’ladi. Bu bukilmalar bola boshini mustaqil ko’tarib turishi, o’tira boshlashi va tik yurishidan boshlab shakllanadi. Umurtqa pog’onasining bo’yin va bel qismi ko’p, ko’krak qismi kam harakatlanadi. Kishining qaddiqomati Umurtqa pog’onasi boylamlari, muskullarining holatiga bog’liq. Umurtqa pog’onasi umurtqa kanalida yotgan orqa miyani ezilishdan, cho’zilishdan saqlaydi, gavdani tik tutadi, ko’krak, qorin va chanoq bo’shliqlarini hosil qilish va boshqalarda ishtirok etadi. Umurtqa pog’onasi kasalliklaridan ko’pincha umurtqa pog’onasining tug’ma anomaliyasi, orttirilgan kasalliklari, shikastlanishi va boshqalar uchraydi. Tug’ma nuqsonlardan ko’proq 2 yoki 3 umurtqaning o’zaro birikib ketishi, ortiqcha umurtqalar borligi va hokazolar kuzatiladi. Bu xil nuqsonli Umurtqa pog’onasida ko’pincha og’riq sezilmaydi. Orttirilgan kasalliklariga, asosan, ostexondroz, Umurtqa pog’onasi deformatsiyalari, yallig’lanish kasalliklari, Umurtqa pog’onasi boylamlarining uzilishi yoki cho’zilishi, umurtqalarning chiqib ketishi va boshqalar kiradi.