Ungur
Ungur — gumbaz shaklidagi shipli va og’zi keng, uncha chuqur bo’lmagan g’or; tor yo’lakdan so’ng g’orning kengaygan qismi; erigan suvlar oqib chiqib ketadigan muz tili uchidagi chuqur. Yirik Ungur balandligi 100 metrcha bo’ladi, eni bir necha 100 metrga yetishi mumkin. Ungur, asosan, tog’ jinslarining yer osti, kam hajmda dengiz suvlari ta’sirida erishidan yuzaga keladi. Tektonik yoriqlardagi butkul to’lib qolmagan bo’shliqlar ham Ungur deb ataladi. Ungurda ko’p hollarda boksit, fosforit, gips va hokazolar to’planadi. Ungurlar qurilish ishlari (yo’l qurish, gaz va neft quvurlari o’tkazish) ga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Ungurdan sanoat chiqindilarini ko’mib tashlash, neft va boshqalarni saqlash uchun sig’im sifatida foydalaniladi. Ba’zi Ungurlar turizm ob’yekti hisoblanadi. O’zbekistonda Turkiston, Nurota, Chatqol tog’larida keng tarqalgan. Pavilon ko’rinishidagi sun’iy Ungurlar 17— 18-asrlarda Yevropa bog’park me’morligida keng urf bo’lgan.