Uyqusizlik, insomniya, agripniya

Uyqusizlik, insomniya, agripniya — tungi uyqu maromining buzilishi; tunda kam yoki yuzaki uxlash, uyqu kelmaslik, bevaqt uyg’onaverish, shuningdek, juda erta uyqu o’chib ketishi va boshqalar. Ba’zi odamlarda uyqu bolaligidan buzilgan bo’ladi, masalan, irsiy, ilk yoshda boshdan kechirilgan ba’zi kasalliklar yoki nerv sistemasi, bosh miyaning shikastlanishi oqibatida kelib chiqadi. Uyqusizlik ko’pincha nerv sistemasining kuchli ruhiy, emotsional shikastlari, nevroz, psixoz, bosh miyaning organik kasalliklari (ayniqsa, miya qon tomirlari aterosklerozi), ichki a’zolar va endokrin bezlar (buyrak, jigar, qalqonsimon bez) kasalliklari bilan bog’liq nerv sistemasining funktsional buzilishlarida uchraydi. Uyqusizlik yotadigan joyning noqulay bo’lishi, biror narsadan hayajonlanish, birorta kasallikning boshlanish belgisi bo’lishi ham mumkin. Agar Uyqusizlik noxush kechinmalar, toliqish, uxlash maromining buzilishidan (funktsional Uyqusizlik) kelib chiqqan bo’lsa, u o’zicha tiklanadi. Buning uchun har kuni bir vaqtda odatdagi sharoitda yotish, yaxshi hayollar surish lozim. Bu tavsiyalarga rioya qilinsa, hayajonlanish, toliqishdan yuzaga keladigan Uyqusizlik tezda o’tib ketadi. Uyqu yoshi qaytgan va qarigan kishilarda o’zgaradi; uyqu yoshlik davriga qaraganda birmuncha yuzaki va qisqa muddatli bo’lib qoladi, bu shu yotshdagi organizmning fiziologik xususiyatlari natijasidir. Uyqusizlikning har qanday turida ham vrach bilan maslahatlashib, zarur muolajalarni olish tavsiya etiladi, o’z bilgicha dori-darmonlar bilan davolanish xavfli asoratlarga olib keladi.