Uyg’ur yozuvi
Uyg’ur yozuvi — Sharqiy Turkistondagi turkiyzabon xalqlar foydalangan harftovush yozuvi; Sug’d yozuvi asosida paydo bo’lgan (sugd yozuvi, o’z navbatida, hozirgi ilmiy taxminlarga ko’ra, oromiy yozuvi shakllaridan biriga borib taqaladi). Dastlabki yozma yodgorliklari 8-asrga mansub. Uyg’ur yozuvida harflar vertikal chiziq bo’ylab yuqoridan pastga qarab yozilgan, yozuv ustunlari esa chapdan o’ngga tomon joylashtirilgan. Harfning so’zdagi o’rniga (boshi, o’rtasi, oxiriga) qarab tegishli o’rinlarda uning alohida shakllari qo’llangan. Diniy asarlar, odatda, qat’iy kitobiy yozuvda, rasmiy hujjatlar esa tez yozuvga asoslangan kursivda yozilgan. Uyg’ur yozuvi 9—13-asrlarda budda diniga sig’inuvchi turkiy qabilalar o’rtasida keng tarqalgan. Ushbu qabilalar Islomni qabul qilganlaridan keyin bu yozuv asta-sekin Arab yozuvi tomonidan siqib chiqarilgan, lekin Uyg’ur yozuvi budda ibodatxonalarida 18-asrda ham qo’llangan. 18-asrda Uyg’ur yozuvi mo’gullar tomonidan o’zlashtirilgan va hozir ham mavjud bo’lgan mo’g’ul yozuvi shakllangan; Uyg’ur yozuvi asosida manjur yozuvi ham yaratilgan.