Ulan-Bator, Ulaan-baatar
Ulan-Bator, Ulaan-baatar (mongolcha — qizil Botir) — shahar, Mongoliya poytaxti. Bogdoo’la tog’i etagida, Tola daryosi vodiysida, 1325 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi keskin kontinental, yanvarning o’rtacha temperaturasi -27°, iyulniki 18°. Yillik yog’in 250 millimetr. Aholisi 691 ming kishi (1999). Alohida ma’muriy birlik qilib ajratilgan. Shaharga 1639 yilda asos solingan. Dastlab Mo’g’ulistonda ko’chmanchi qayot kechiruvchi lamaizm cherkovi boshliqlarining qarorgohi — orgoo (Urga) bo’lgan. 1706 yildan Ixxuree (Buyuk ibodatxona), 1911 yildan Niyslelxuree (poytaxt ibodatxonasi) deb atalgan. 18-asrning 2-yarmidan IXxuree manjur noibi qarorgohi va tashki Mongoliyaning ma’muriy markazi. Savdo yo’lida joylashgan Ixxuree yirik savdo markaziga aylangan. 1911 yildan Niyslelxuree — tashqi Mongoliya Muxtoriyatining eng yirik shahri. 1921 yil 6 iyulda Mongoliya Xalq Respublikasi poytaxti deb e’lon qilingan. Ulan-Bator — transport yo’llarining muhim chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mamlakatning yirik sanoat va madaniyat markazi. Yalpi sanoat mahsulotining 1/2 qismidan ortig’i Ulan-Batorda ishlab chiqariladi. Yengil sanoat (jun yuvish, po’stin tikish, ko’nteri va boshqalar ishlab chiqarish) rivojlangan. Poligrafiya kombinati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yog’ochsozlik va metallsozlik korxonalari, avtomobil ta’mirlash zavodlari, oziq-ovqat sanoati, issiklik elektr stansiyalari mavjud. Mongoliya Fanlar Akademiyasi, universitet, muzeylar, teatrlar bor. Ulan-Batorda zamonaviy reja asosida hukumat uyi, turar joy binolari qurilgan.