Ulug’nor tumani
Ulug’nor tumani — Andijon viloyati tarkibidagi tuman. 1973 yil 26 dekabrda tashkil etilgan. Tuman shimoldan Baliqchi, Janubi sharqdan bo’z, G’arb va shimoli g’arbdan Namangan viloyatining Namangan, Mingbuloq tumanlari, Janubdan Farg’ona viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 0,44 ming km2. Aholisi 45,2 ming kishi (2004). Ulug’nor tumanida 4 qishloq fuqarolari yig’ini (Mingbuloq, Mingchinor, Navoiy, Oqoltin) bor. Markazi — Oqoltin qishlog’i. Tabiati. Tuman hududi tekislikdan iborat. Ko’chma qum tepalari ko’p. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -4°, iyulniki 24-28°. Yiliga o’rtacha 195-200 mm yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 235 kun. Tuman xo’jaliklari Katta Andijon kanalidan suv oladi. Tuprog’i o’tloqi bo’z, kuchsiz sho’rlangan tuproq. O’simliklardan sho’ra, shuvoq, momoqaymoq, qamish, mingdevona, yantoq, ajriq, yulg’un, oqbosh, otquloq, qirqbo’g’in, g’umay, qo’ypechak, yalpiz o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan echkemar, toshbaqa, tulki, quyon, ilon, kaltakesak, qushlardan laylak, o’rdak, chumchuq, so’fito’rg’ay, qarg’a, musicha yashaydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qirg’iz, tojik, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1km2 ga 102,7 kishi to’g’ri keladi. Xo’jaligi. Ulug’nor tumanida qishloq xo’jaligi (paxtachilik, chorvachilik, pillachilik, polizchilik, sabzavotchilik, bog’dorchilik) yetakchi o’rinda. Eng muhim tarmog’i — paxtachilik. Tumanda 900 ga yaqin yirik, o’rta va kichik korxona va tashkilot faoliyat ko’rsatadi. Shulardan avtokorxona, MTP, paxta tozalash zavodi, Buyuk Britaniyaning «Kordese LTD» firmasi bilan hamkorlikdagi «Ulkard» qo’shma korxonasi (tikuvchilik va to’qimachilikka ixtisoslashgan), sport anjomlari ishlab chiqarish firmasi, «Universal» bozori, savdo, maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mavjud. Tuman hududidan Marg’ilon—Soybo’yi— Ulug’nor—Mingbuloq, Shtab—Ulug’nor magistral yo’llari o’tgan. Tuman markazi avtomobil yo’llari orqali Namangan, Marg’ilon, Farg’ona, Andijon va boshqa shaharlar bilan bog’langan. Qishloq xo’jaligida ekinzorlar, maydoni 20,4 ming gektar, shu jumladan, 13,5 ming gektar yerga paxta, 6 ming gektar yerga g’alla ekiladi. Shuningdek sabzavot, poliz ekinlari, kartoshka, yem- xashak ekinlari ham ekiladi. 204 gektar bog’, 274 ta tutzor, 1042 gektar yaylovlar bilan band. 606 gektar yerda o’rmonzor mavjud. Tumanda 8 shirkat, 80 dehqon, 416 fermer xo’jaligi bor. Ulug’nor tumani jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 1,6 ming qoramol (shu jumladan, 626 sigir), 2,1 ming qo’y va echki, 5 ming parranda, 37 yilqi boqiladi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Marg’ilon (tuman markazidan 35 kilometr). 2003/04 o’quv yilida 24 umumiy ta’lim maktabi bo’lib, 10,3 mingga yaqin o’quvchi, internat-litseyda 110 o’quvchi, 2 kasb-hunar kollejida 1,4 mingdan ziyod o’quvchi ta’lim oldi. 3 madaniyat uyi, Markaziy kutubxona va uning 10 ta tarmog’i, muzey, musiqa maktabi, «Ulug’nor» stadioni, tennis korti, «Ulug’nor» sport sog’lomlashtirish klubi, sport maktabi faoliyat ko’rsatadi. Tumanda Markaziy kasalxona (170 o’rin) va uning bolalar, jarroxlik, ginekologiya, terapiya, tug’ruqxona, tez tibbiy yordam va boshqa bo’limlari, poliklinika, 5 dorixona aholiga xizmat ko’rsatadi. 1974 yildan tuman «Ulug’nor» gazetasi nashr qilinadi (adadi 1000).