Lab

Lab — anatomik tuzilma; og’iz bo’shlig’ining kirish qismini tashkil etadigan muskul-teri burmalari. Toshbaqa, qush va kloakali yirik sut emizuvchilarda jag’dan tumshuq vujudga kelganligi tufayli Lab bo’lmaydi. Baliqlar labida ta’m bilish va tuyg’u retseptorlari ko’p bo’lib, Lab o’ljani ushlab olishga yordam beradi. Suvda va quruqlikda yashovchilarning ko’pida Lab nafas olishda og’iz bo’shlig’ini ochib-yumishga xizmat qiladi. Sudralib yuruvchilar labi rostmana shakllangan va muguz qalqoncha bilan qoplangan. Sut emizuvchilarda Lab harakatchan bo’lib, bola emizishga moslashgan. To’garakog’izlilarda yuqori Lab so’rg’ich vazifasini o’taydi. Odamda Lab harakatchan bo’lib, og’iz bo’shlig’i bilan chegaralangan; u tashqaridan teri, ichkaridan mayda bezlarga boy shilliq parda bilan qoplangan, uning asosini og’izning aylana muskuli va mayda mimika muskullari tashkil etadi. Teri bilan shilliq parda tutashgan joy — qizil hoshiyada qon tomirlar ko’p. Labga uch shoxli nervdan sezuvchi tolalar keladi. Yuqori va pastki Labning o’zaro bir-biri bilan birikib turishi ovqatni chaynashga imkon beradi; so’zlashda talaffuzning to’g’ri va ravon bo’lishini ta’minlaydi.