Lingafon kabineti

Lingafon kabineti (lotincha linqua — til va Yunoncha phone — tovush, nutq) — tovush texnikasi, proektsion va kinoproektsion apparatlar bilan jihozlangan maxsus auditoriya (sinf). O’quvchi (talaba)larga audiovizual usul bilan o’zga til nutqini, talaffuz shaklini, o’rganilayotgan til muhitini yaratish, ona tilining nutq madaniyatini o’rganish ustida mustaqil ishlash, shuningdek, teatr va san’at o’quv yurtlarida mutaxassislik bo’yicha professional-ijrochilik mahoratini egallash uchun qulay sharoit yaratadi. Lingafon kabineti apparaturasi (magnitofonlar, elektrofonlar, mikrofon-telefon kuchaytirgichi va boshqalar) o’qituvchiga har bir o’quvchining muayyan o’quv materiali ustida mustaqil ish olib borish va buni nazorat qilish, bir vaqtning o’zida muayyan o’quvchilar guruhi uchun bir nechta o’quv dasturini kiritish, o’quvchilarning nutklarini yozib olish va qaytadan yodga tushirish, kino filmlarni sharhlash va sh.k.ga imkon beradi.