Valentlik
Valentlik (lotincha valentia — kuch) — ma’lum element atomining boshqa element atomi bilan kimyoviy bog’ hosil qilib birlashish yoki almashish xususiyati. Valentlik tushunchasini fanga 1853 yilda E. Franklend kiritdi. Rus kimyogari A. M. Butlerov kimyoviy tuzilish nazariyasini kashf qilishida Valentlik muhim rol o’ynadi. D. I. Mendeleyev elementlarning davriy sistemadagi o’rni bilan Valentlik o’rtasida bog’lanish borligini isbotladi hamda o’zgaruvchan Valentlik tushunchasini kiritdi. 1897 yil elektronlar ochilishi bilan Valentlikning elektron nazariyasiga asos solishga harakat qilindi (ingliz fizigi J. Tomson). Nemis fizigi Valentlik Kossel nazariyasiga (1916) muvofiq, elementlar yoki elementlar guruhi o’zaro birikkanda bittasi elektron beradi, ikkinchisi esa bu elektronni qabul qilib oladi. Berilgan elektron soniga qarab musbat Valentlik, qabul qilib olingan elektron soniga qarab manfiy Valentlik deb aytiladi. Shunga ko’ra, natriy musbat bir, xlor esa manfiy bir valentlikka ega. Lekin elementlar kovalent bog’ hosil qilib birikkanda elektron bermaydi va biriktirmaydi. Amerikalik fizik-kimyogar G. N. Lyuis nazariyasi bo’yicha Valentlik element atomlari elektron jufti — kovalent bog’hosil qilish uchun bergan elektronlar soniga teng. V. Kossel va G. N. Lyuis nazariyalari Valentlik mohiyatini to’la ochib bermadi. Atomning kvant mexanikasi nazariyasi yuzaga kelgach (1926), Valentlikning mohiyati oydinlashdi. Bu nazariyaga muvofiq, Valentlik juftlanmagan (yakka) elektronlar soniga teng. Masalan, ishqoriy metallar atomining tashqi elektron qavatida bitta electron bor. Shunga ko’ra ular bir Valentlikdir. Ba’zi atomlarda juftlanmagan elektronlar reaktsiya jarayonida hosil bo’ladi. Masalan, uglerod atomining tashqi qavatida juftlanmagan ikkita elektron bor. Reaktsiya paytida juftlangan ikki elektron yakkalashib, juftlanmagan ikkita elektron beradi. Shunday qilib, juftlanmagan elektronlar soni to’rttaga etadi. Ba’zan atomlar ta’sirlanib boshqa valent holatiga o’tishi, bitta elektronni boshqa atomga berishi yoki boshqa bir atomning elektronini biriktirib olishi mumkin.