Laue (Laue) Maks Feliks Teodor fon
Laue (Laue) Maks Feliks Teodor fon (1879.9.10, Pfaffendorf, Koblents yaqinida — 1960.24.4, Berlin) — nemis fizigi. Berlin universitetini tugatgan (1904). Ilmiy ishlari optika, kristallofizika, o’ta o’tkazuvchanlik, nisbiylik nazariyasi, kvant nazariya, atom fizikasi, qattiq jismlar fizikasi va boshqalarga oid. Kristallarda rentgen nurlari interferentsiyasi nazariyasini yaratib, bu nurlar uchun kristallardan difraktsion panjara sifatida foydalanishni taklif qilgan, kristallarda rentgen nurlarining difraktsion nazariyasini ishlab chiqqan (1912). Uning rahbarligida birinchi marta Lauegramma olingan va bu bilan rentgen struktura analiziga asos solingan. Nobel mukofoti laureati (1914).