Lyamblioz

Lyamblioz (lambliosis) — lyambliyalar qo’zg’atadigan invazion kasallik. Odamlarda Lyambliozni Lamblia intestinalis qo’zg’atadi. Lyambliyalarning harakatchan (vegetativ) va harakatlanmaydigan (tsista) shakllari bor. Kasallik manbai lyambliyalar bilan zararlangan kishi hisoblanadi. Lyambliyalar sog’lom odamning me’da-ichak yo’liga tushib, ingichka ichakda ko’payadi va uning shilliq pardasini zararlaydi. Ular ingichka ichakdan yo’g’on ichakka o’tib (bu yer ular uchun noqulay sharoit hisoblanadi), o’z harakatini yo’qotadi va tsistalarga aylanadi. Ular najas bilan tashqariga chiqadi. Lyambliya tsistalari tashqi muhitda yaxshi saqlanadi. Kasallik lyambliya tushgan ovqat (ayniqsa, meva va sabzavotlar) iste’mol qilinganda va suv ichilganda, shuningdek, kir qo’l va ro’zg’or buyumlari orqali yuqadi. Turli geografik mintaqalarda katta yoshdagi aholi orasida 5-12% hollarda najasda tsista topiladi. Lyamblioz aksari bolalarda uchraydi. Klinik belgilari zararlangan a’zoga qarab har xil bo’ladi. Ko’proq ichak va o’t yo’llari zararlanadi. Ba’zan kasallik alomatlari ro’yrost ko’rinmay, enterit, xolesistit va hokazolar bilan birga kechishi ham mumkin. Tekshirish chog’ida najasdan lyambliyalarning tsistasi, o’t (safro)dan uning vegetativ shakllarini topish mumkin. Lyambliozning oldini olishda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish talab etiladi. Davosi: kasallikning kechishiga qarab trixopol, furazolidon, aminaxinol va boshqalar buyuriladi. O’zbekistonda Lyambliozning turli jihatlari professor N. A. Dehqonxo’jayeva tomonidan chuqur o’rganilgan.