Lyuterchilik

Lyuterchilik — protestantizmning yirik yo’nalishlaridan biri. Asoschisi — M. Lyuter. Germaniyada paydo bo’lgan. Lyuterchilik protestantizmning asosiy qoidalarini bayon qilib bergan. Lyuterchilik tarafdorlari katolik ruhoniylari va Cherkovning Xudo bilan dindorlar o’rtasidagi vositachilik rolini tan olmaydi. Xristianlik marosimlaridan faqat ikkitasi — cho’qintirish va prichashchenie (e’tiqod qiluvchilarning go’yo Isoning haqiqiy tanasi va qoniga qo’shilish uchun non va vino iste’mol qilib o’tkaziladigan marosimi)ni e’tirof qiladi. Lyuterchilikda diniy aqida, ichki diniy e’tiqod birinchi darajali ahamiyatga ega, diniy ta’limot Injilga asoslanishi lozim. «Augsburg diniy e’tiqodi» va «Apologiya»ni o’z ichiga olgan «totuvlik kitobi», Bibliya hamda «katta» va «kichik» katexizislar Lyuterchilikning asosiy diniy hujjatlari sanaladi. Lyuterchilik Skandinaviya mamlakatlarida, Germaniya, AQSh, Boltiqbo’yi mamlakatlarida tarqalgan. 1947 yilda Jahon Lyuterchilik Ittifoqi tuzilgan.