Lyuksemburg

Lyuksemburg — Lyuksemburg davlati poytaxti. Alzet va Petryus daryolari qo’shilgan joyda, 334 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi mo’tadil, dengiz iqlimidan kontinental iqlimga o’tib boradi. O’rtacha temperaturasi yanvarda 0,9°, iyulda 16,6°, yiliga 830 mm gacha yog’in yog’adi. Aholisi 79,5 ming kishi (1998). Lyuksemburg qo’lyozmalarda savdogarlar qishlog’i sifatida 963 yildan ma’lum. 1244 yilda shahar huquqini olgan. Shahar o’z tarixida 20 marta qo’ldan qo’lga o’tib, ko’p marotaba vayron qilingan hamda qayta qurilgan. Lyuksemburg — mamlakatning muhim iqtisodiy markazi, transevropa temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Qora metallurgiya va mashinasozlik, kimyo, oziq-ovqat, tikuvchilik sanoati korxonalari mavjud. Lyuksemburg — xalqaro moliya markazlaridan: yirik banklar va moliyaviy birlashmalarning idoralari joylashgan. Milliy kutubxona, muzey, san’at va hunarmandchilik maktabi, teatr va boshqalar bor. Me’moriy yodgorliklaridan Gersog saroyi (1572), Sen-Mishel gotika cherkovi (16-a.), Adliya saroyi (16-asr), Notrdam sobori (17-asr) va hokazolar saqlangan.