Lutfullayev Xayrulla
Lutfullayev Xayrulla (1945.25.10, Toshkent) — xonanda va sozanda (Qashqar rubobi, tor), O’zbekiston (1987) va Qoraqalpog’iston (1993) xalq artisti . Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1974). «Bahor» ansambli yakkaxon xonandasi (1974-2003), Toshkent madaniyat instituti dotsenti (2003 yildan). Lutfullayev lirik xonanda, mayin va shirali ovoz sohibi. Repertuaridan qo’shiq va yallalar («men sevaman, sen sevasanmu», «Dilxiroj», «tola soch» va boshqalar), o’zbek ashula va maqom yo’llari («Bayot I—V», «Girya I—II», «Farg’ona tanavori» va boshqalar), o’zbek bastakorlari asarlari («Beboqcha», «Samarqand ushshog’i» va boshqalar) o’rin olgan. «Kelibdiyu-ketibdi», «ishonaman o’zingga», «go’zal jonon senmasmu» kabi qo’shiqlarning kuylarini o’zi bastalagan. Xorijiy mamlakatlarda gastrolda bo’lgan. Lutfullayevning o’g’li Nodir Lutfullayev — zamonaviy estrada qo’shiqchisi, repertuaridan zamonaviy estrada qo’shiqlari, o’zbek xalq qo’shiqlari va mumtoz ashulalar o’rin olgan.