APOMIKSIS

APOMIKSIS (apo … va Yunoncha mixis -og’ish) — organizmlarning jinsiy jarayon sodir bo’lmasdan ko’payishi. Tom ma’noda Apomiksis murtakning urug’lanmasdan rivojlanishidir. Yangi organizmning jinsiy hujayra (tuxum) yoki vegetativ hujayra hosil qilishiga qarab Apomiksisni ikkiga — partenogenez va apogamiyaga bo’lish mumkin Apomiksis hayvonot va o’simliklar dunyosida keng tarqalgan. Masalan, ogizaylangichlilar, dafniyalar, shiralar va boshqa hayvonlarda, ayrim suv o’tlari va qirqquloklarda Apomiksis partenogenez shaklida namoyon bo’ladi. Apomiksis gulli o’simliklarda keng tarqalgan, 43 oilaga mansub 100 dan ko’proq urug’da uchraydi. Apomiksis ayniqsa bug’doydoshlar, qoqidoshlar, ituzumdoshlar, ra’nodoshlar oilasida ko’proq kuzatiladi. Apomiksis irsiy (regulyar) yoki irsiylanmaydigan (tasodif) bo’lishi mumkin. Murtakning changlanmasdan rivojlanishi avtonom Apomiksis deyiladi. Changlanish yoki tumshuqchada changning unib chiqishi, ba’zan murtak xaltasidagi Markaziy hujayraning urug’lanishi bilan sodir bo’ladigan Apomiksis indusirlangan Apomiksis deb ataladi. Gulli o’simliklarda Redusirlangan (murtak gaploid) o’simliklarning 6 oilasida (lavlagi, g’o’za, zig’ir, tamaki, arpa, bug’doy) redusirlanmagan (murtak diploid) partenogenez (qo’ng’irbosh, choyo’t, qoqio’t) mavjud. Apogamiya adventiv embrioniya (murtakning murtak xaltasidan tashqarida urug’-kurtak hujayrasidan rivojlanishi) va partenogenez tushunchalari yaqin turadi. Ko’payishning bu xillarida bitta urug’da bir necha murtak rivojlanadi (tsitruslarda doim uchraydigan poliembroniya). Ko’pchilik apomiktik turlarning populyasiyalarida jinsiy formalar ham aniqlangan. Apomiksisning genetik xususiyatlaridan ayrim o’simliklar selektsiyasida foydalaniladi.