Lubok

Lubok (rus), xalq rasmlari — gravyura usulida bajarilib qo’lda bo’yab chiqilgan va tushuntirish matni bilan to’ldirilgan rasmlar; Lubok tushunarli obrazi, sodda usuli, lo’nda tasviriy vositalari (dag’alroq shtrixi va yorqin bo’yoqlari), bezakdorlik an’analariga asoslangan hikoyanavislik xususiyati bilan ajralib turadi (Lubok turkumlari, Lubok kitob-kartinalari va boshqalar). Lubok xalq ijodi hisoblanadi, ayrim folklor usullarida tayyorlangan professional grafika asarlari ham Lubokga kiritiladi. Qadimgi Lubok Xitoyda paydo bo’lgan va qo’lda yaratilgan. 8-asrdan yog’och gravyura (ksiyaografiya) lar tarqalgan, Yevropada 15-asrdan ma’lum bo’lgan. 17-asrdan mis gravyura, 19-asrdan litografiya usulidagi Lubok keng tarqalgan. Ijtimoiy-inqilobiy davrlarda Lubokdan publitsistik kurol sifatida foydalanilgan. Sharq (Xitoy, hind) Luboklari yorqin va rangdorligi bilan ajralib turadi. F. Goyya, O. Dome, G. Kurbe, A. Venesianov, I. Ivanov kabi professional san’atkorlar Lubokning ayrim usul va mavzularidan ilhomlangan. Lubok an’analari 20-asr 20 — 40-yillari O’zbekistonda yaratilgan ayrim kitob va plakatlarda uchraydi.