Lubumbashi

Lubumbashi (1966 yilgacha elizabetvil) — Kongo demokratik Respublikasining Janubiy-Sharqiy qismidagi shahar. Shaba (Katanga) viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi 852 ming kishidan ziyod (1990-yillar oxirlari). Lobitu — Beyra transafrika temir yo’ldagi stantsiya. Transport yo’llari tuguni. Luano aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Lubumbashi iqtisodiy va madaniy mavqei bo’yicha mamlakatda Kinshasadli keyin 2-o’rinda turadi. Iqtisodining asosini konchilik sanoati va rangli metallurgiya tashkil etadi. Lubumbashi mis konlari mintaqasida joylashgan.Yirik mis eritish zavodi, kimyo, to’qimachilik, ko’n-poyabzal, oziq-ovqat, metallsozlik, mashinasozlik sanoati korxonalari, radioapparaturalar zavodi bor. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Shaharga 1910 yilda belgiyaliklar tomonidan mis konlari yonida asos solingan va Elizabetvil deb atalgan. 1911 yilda Belgiya-Angliya kompaniyasi tomonidan qurilgan birinchi mis eritish zavodi ishga tushirilgan. Shahar qat’iy reja asosida qurilgan. Sobor, cherkov, sinagoga (20-asr boshlari), ko’p qavatli binolar, milliy universitet bo’limlari, etnografiya va Afrika tillarini o’rganish bo’yicha markaz bor.