Losossimonlar

Losossimonlar (Salmonidae) — seldsimonlar turkumiga mansub o’tkinchi va chuchuk suv baliqlari oilasi. Orqa suzgichida 17 tagacha nurlari bo’ladi. Tuxum yo’llari yaxshi rivojlanmagan, yetilgan uvildirig’i tana bo’shlig’iga tushadi. Tinch okean lososlari (keta, bukri baliq, nerka, Sima) va haqiqiy lososlar (segma, kumja, Shixan va boshqalar) mavjud. Losossimonlar faqat chuchuk suvlarda ko’payadi (o’tkinchi Losossimonlar uvildiriq tashlash uchun daryolarga o’tadi). Uvildiriq tashlash davrida Losossimonlarning tashqi ko’rinishi (ayniqsa, erkaklarida) keskin o’zgaradi. Tinch okean lososi, bukri baliq va ba’zan Losossimonlar hayoti davomida bir marta uvildiriq tashlab halok bo’ladi. Pushti uncha ko’p bo’lmaydi. Ko’pchilik Losossimonlar turi qumli, maydatoshli va toshli sayoz suvlarga uvildiriq tashlaydi. Bir qancha o’tkinchi turlari pakana formalarni hosil qiladi. Losossimonlar ovlanadi. 11 turi va kenja turlari xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. O’rta Osiyo, jumladan, O’zbekiston suv havzalarida Orol lososi, ya’ni kumja va Amudaryo gulmoyi kenja turlari uchraydi (keying ma’lumotlarga qaraganda, Orol lososi qirilib yo’q bo’lib ketgan).