«Luna»
«Luna» — oyni tadqiq qilish bo’yicha sobiq Ittifoq dasturi nomi, shuningdek, 1959 yildan boshlab sobiq Ittifoqdan oyga uchirilgan sayyoralararo avtomatik stantsiyalarning nomi. Ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish uchun «Luna»ga yerdan turib boshqariladigan telemetrik, fototelevizion, radiotexnik apparatlar o’rnatilgan. Uchirilgan «Luna»larning soni 20 dan ortiq bo’lib, bajaradigan vazifalari turlicha belgilangan. Masalan, «Luna-1» (1959 yil 2.1.) Oy yaqinidan o’tib, Quyoshning birinchi sun’iy yo’ldoshi bo’lib qoldi. «Luna-2» (1959 yil 14.9.) Oy sirtiga ilk bor tushirildi; «Luna-3» (1959 yil 7.10.) Oy atrofidan uchib o’tib, uning yerdan ko’rinmaydigan qismini tarixda birinchi marta fotosuratga tushirdi, 1963-65 yillarda uchirilgan «Luna-4», «Luna-8» avtomatik stansiyalar oldiga oyni yaxshiroq o’rganish va uning sirtiga ohista qo’nish masalalarini echish qo’yilgan edi. «Luna-9» (1966 yil 3.2.) jahonda birinchi marta oy sirtiga ohista qo’ndirildi va u oy sirtidagi manzarani yerga yetkazdi; «Luna-13» ham (1966 yil 21.12.) ana shunday vazifani bajardi; «Luna-10», «Luna-11», «Luna-12», «Luna- 14» va «Luna-15» (1966-1969 yil) Oyning sun’iy yo’ldoshi orbitasiga chiqarildi; «Luna-16» (1970 yil); «Luna-20» (1972 yil) va «Luna-24» (1976 yil) Oyga qo’ndirildi va Yerga oy tuprog’i keltirildi. «Luna-17» (1970 yil) yordamida «Lunoxod-1» oyga qo’ndirildi; «Luna-18» va «Luna-19» (1971 yil) yordamida oy orbitasining evolyutsiyasi o’rganildi «Luna-20» oyning oltinchi sun’iy yo’ldoshi bo’lib qoldi; «Luna-21» (1973 yil) yordamida «Lunoxod-2» oyga qo’ndirildi. Bunday avtomatik stantsiyalar yordamida olib borilgan tadqiqotlar natijasida oy atmosferasining nihoyatda siyrakligi va uning tarkibi o’rganildi. Oy sirti va ichining tuzilishi, gravitasion hamda magnitizm maydonlari, seysmik ahvol va boshqa qator tabiiy shart-sharoitlar chuqur tekshirildi.