Lipidlar

Lipidlar (Yunoncha lipos — yog’) — barcha tirik hujayralar tarkibida bo’ladigan yog’simon moddalar. Tirik organizm hayot faoliyatida Lipidlar muhim ahamiyatga ega. Lipidlar biologik membrananing asosiy komponentlaridan biri bo’lib, hujayralarning o’tkazuvchanligiga, ko’pgina fermentlarning faolligiga ta’sir ko’rsatadi, nerv impulsini uzatishda, muskullar qisqarishida, hujjatlararo kontaktlarni yuzaga keltirishda va immunokimeviy jaraenlarda qatnashadi. Lipidlarning yana bir funktsiyasi energiya rezervi, hayvon va o’simliklarda suv qochiruvchi himoya va termoizolyasiya qoplamasi hosil qilish, shuningdek, turli organlarni mexanik ta’sirlardan saqlashdan iborat. Ko’pchilik Lipidlar yuqori yog’ kislotalari, spirtlar yoki aldegidlarning hosilalaridir. Kimyoviy tarkibiga ko’ra, Lipidlar bir necha sinfga bo’linadi. Oddiy Lipidlar yog’ kislotalari (yoki aldegidlar) va spirtlar qoldig’idan tarkib topgan moddalardan iborat. Bularga yog’lar (trigliseridlar va boshqa tabiiy gliseridlar), mum (yog’ kislotalari va yog’ spirtlari efirlari) va diol Lipidlar (yog’ kislotalari va etilenglikol yoki boshqa ikki atomli spirtlar efirlari) kiradi. Murakkab Lipidlar ortofosfat kislota hosilalari (fosfolipidlar) hamda qand qoldiqlari (glikolipidlar)dan tarkib toptan moddalardan iborat. Murakkab Lipidlar molekulalarida ko’p atomli spirtlar — gliserin (gliserin-fosfatidlar) yoki sfingozin (sfingolipidlar) ham bo’ladi. Ko’pchilik Lipidlar sirt faol moddalar hisoblanadi. Lipidlar organizmda lipazalar ta’sirida fermentativ gidrolizga uchraydi. Bu jarayonda ajralib chiqayotgan yog’kislotalar (Adenozintrifosfat kislotalar — ATF) va koferment A bilan ta’sirlashib faollashadi, so’ngra oksidlanadi. Ko’pchilikl. hujayralarda oqsillar bilan kompleks murakkab moddalar (lipoproteidlar) holida bo’ladi. Lipidlar ekstraktsiya usuli bilan olinadi. Oziq-ovqat sifatida, tibbiyotda kasallarni davolashda hamda turli sanoat tarmoqlarida ishlatiladi. Yo’ldoshxon Qodirov.