Vosifiy
Vosifiy (taxallusi; asl ismi Zayniddin Mahmud ibn Abduljamil) (1485/86, Hirot — 1551 yoki 1566, Toshkent) — adib. Munshiy oilasida tug’ilgan. Vosifiy Arab tili, adabiyot, fiqh va boshqa bilimlarni puxta egallagan. Hirotda Shoxrux madrasasida tahsil ko’rgan (1511 yilgacha). Husayn Boyqaroning o’g’li Faridun Husaynga kotiblik, boshqa o’g’illariga muallimlik qilgan. 16 yoshida Navoiy bilan tanishgan. Ijodini Hirotda, Navoiy adabiy maktabida boshlagan. Shoh Ismoil ta’qibidan qochib, Movarounnahrga ketgan. Samarqand, Buxoroda yashagan (1512-15), so’ng Farkat (hozirgi Parkent), Toshkent, Shahrisabzga sayohat qilgan. 1518 yilda keldi Muhammadxon (Sulton Muhammad) tomonidan Shohruxiyaga chaqirilgan, 1525 yildan umrining so’nggi yillarigacha Toshkentda yashagan. Vosifiy Keldi Muhammadxonning Xurosonga yurishlarida qatnashgan (1528-29). 1540 yildan Baroqxon saroyida davlat hujjatlarini tuzgan. Vosifiyning ijodiy faoliyati 12-13 yoshidayoq boshlangan. Nasrning ko’pgina turlarida (maktub, ariza, hikoya kabi), badiiy, saj’ uslubida yaxshi ijod qilgan. Rang-barang tashbehlar ishlatishdagi, ayniqsa muammo san’atidagi mahoratiga Alisher Navoiy yuqori baho bergan. Vosifiyning bir qancha she’riy va nasriy asarlarini o’z ichiga olgan «Badoe’ul-vaqoe'» («Nodir voqealar», 1-qism, 1517-18; 2-qism, 1539) Kitobida Xuroson, Movarounnahr, Turkiston va Erondagi 1532 yilgacha bo’lgan davrdagi ilmiy, adabiy, tarixiy va madaniy hayot aks ettirilgan. Ibn Sino, Jomiy, Navoiy, shuningdek Qosim Ali Qonuniy, Chaqar, Changiy, Ustod Hasan Udiy, Hofiz Basir, Ustod Shayxi Noyi kabi musiqashunoslar, ayrim davlat arboblari haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan. Kitob O’rta Osiyo xalqlari tarixi va madaniyati haqida muhim manba hisoblanadi. Akademik B.L.Dorn, V.V. Bartold, professor Yakubovskiy, Bertels, Ayniy va boshqalar o’z ilmiy tadqiqotlarida undan foydalanganlar. Mazkur asarda Toshkent va uning viloyatidagi siyosiy voqealar, adabiy muhit, xususan unda shoirlar, adiblar to’planishib mushoiralar o’tkazgan Kaykovus chorbog’i haqida qiziqarli voqealar bayon qilingan. Chorbog’shahar qo’rg’onidan tashqarida bo’lib, Vosifiy u yerda xon va sultonlar uchun shifoxona bo’lganligini ham yozgan. Toshkent va uning atrofida yashab ijod ettan shoirlar, rassomlar, xattotlar va boshqa mashhur kishilar haqida, viloyat hududida foydalanib turilgan temir va Feruza konlari to’g’risida ma’lumotlar berilgan. «Badoe’ul-vaqoe'»ning 83 baytdan iborat masnaviysida Toshkentning go’zalligi, bog’-rog’lari, havosi va zilol suvlari madh etilgan. Vosifiy Imom Qaffol Shoshiy maqbarasi eshigidan kiraverishda o’ng tomonga dafn etilgan. As.: Badoe’ul-vaqoe’ (Nodir voqealar; tarjimon N. Norkulov), T., 1979.