Vengriya
Vengriya (Magyarorszag), Vengriya Respublikasi (Magyar Koztar-sasag) — Yevropaning Markaziy qismida, Dunay daryosining o’rta oqimida joylashgan davlat. Maydoni 93 ming km2. Aholisi 10,44 million kishi (2000). Poytaxti — Budapesht shahri. Ma’muriy jihatdan 19 viloyat (Mede) ga bo’linadi. Budapesht alohida ma’muriy birlik qilib ajratilgan. Davlat tuzumi. Vengriya — demokratik davlat. Amaldagi Konstitutsiyasi 1949 yil 20 avgustda qabul qilingan (keyinchalik o’zgarish va qo’shimchalar kiritilgan). Davlat boshlig’i — prezident (2000 yildan F. Madl). Prezident mamlakat qurolli kuchlarining bosh qo’mondoni hisoblanadi, hukumat boshlig’ini tayinlaydi, qamal yoki favqulodda holat e’lon qilish huquqiga ega. Uning vakolat muddati — 5 yil. Qonun chiqaruvchi organi — parlament — Davlat Majlisi. Uni aholi yalpi teng va yashirin ovoz berish yo’li bilan 4 yil muddatga saylaydi. Ijroiya hokimiyat organi Vazirlar Kengashi bo’lib, unga bosh vazir boshchilik qiladi. Tabiati. Mamlakat hududi asosan tekislikdan iborat. Dunay daryosining so’l sohili — katta O’rta Dunayning bir qismida 100 — 200 metr balandlikdagi tepaliklar uchraydi. Dunayning o’ng sohili 150-200 metr balandlikdagi Dunantul o’rqir tekisligi va O’rta Venger tog’larining massivlari (bakon, Vertesh, pilish, Mechek va boshqalar) dan iborat. Mamlakatning shimoli-g’arbida Kichik O’rta Dunay pasttekisligining Janubi qismi (Kishalfyold), shimoli- Sharqda Karpat tog’larining etaklari (mamlakatning eng baland nuqtasi — Matra massividagi kekesh tog’i, 1015 metr), g’arbda Alp tog’larining yon bag’ri (balandligi 500-800 metr) joylashgan. Asosiy foydali qazilmalari: boksit, qo’ng’ir va toshko’mir, neft, tabiiy gaz, uran, marganes, temir rudalari. Balaton ko’li qirg’oqlarida shifobaxsh termal va ma’danli issiq suv buloqlari bor. Iqlimi — mo’tadil, kontinental. Yanvarda o’rtacha temperatura — 2, -4°, iyulda 20, 22,5°. Yillik yog’in miqdori Sharqda 450 mm dan Janubi-g’arbda 900 mm gacha. Sharqida qurg’oqchilik bo’lib turadi. Yog’inning ko’pi yoz boshida va kuzda yog’adi. Dunay daryosi Vengriyani va uning poytaxti — Budapeshtni kesib o’tadi. Uning irmoqlari — Tisa, Raba. Vengriyada ko’llar kam, eng kattasi Balaton ko’li. Yerlarining ko’p qismi — qora tuproq. Tog’va adirlarda qo’ng’ir o’rmon va karbonatli chim. Tisa va Dunay vodiylarida allyuvial tuproqpar. Alfyoldda sho’rlangan kam unum tuproqlar uchraydi. Vengriya hududining 17,6 % o’rmon bilan qoplangan. O’rmonlar asosan tog’yon bag’irlarining 300— 400 metrdan baland qismlarida saqlanib qolgan. Hayvonlardan quyon, dala sichqoni, yumronqoziq, tulki, tipratikan, qushlardan to’rg’ay. qorayaloq, qizilishton, boyqush. Qamishzorlarda suv parrandalari uchraydi. Vengriyada qish-balaton qo’riqxonasi, Tixan, Xortobad va boshqa milliy bog’lar bor. Aholining 97% vengerlar, shuningdek nemislar, slovaklar, xorvatlar, ruminlar, yahudiylar, serblar, slovenlar, polyaklar, lo’lilar va boshqalar ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi: 1 kilometrga 115 kishi to’g’ri keladi, 62% aholi shaharlarda istiqomat qiladi. Dindorlar asosan katoliklar (64%) va protestantlar (23%). Rasmiy tili — Venger tili. Yirik shaharlari: Budapesht, mishkols, Debresen, Seged, pech. Tarixi. Vengriya hududida dastlabki manzilgohlar paleolit davrida paydo bo’lgan. Bu yerda skif, illiriy, kelt qabilalari yashagan. Miloddan avvaalgi 1-asr oxiri va milodiy 2-asr boshlarida ularni Rim imperiyasi zabt etgan. Keyinchalik, xalqlarning buyuk ko’chishi davrida Vengriya hududida german va turkiy elatlar kelib joylashgan. 6-asrda slavyanlar kelgan. Hozirgi vengerlarning ajdodlari milodiy davr boshlarida qora dengiz bo’ylarida yashar edi. Ko’chmanchi chorvador Venger qabilalari 9-asr oxirlarida g’arbga siljib, hozirgi Vengriya hududiga kelib joylashgan. Vengriya davlatining shakllanishida 997 yil xristianlikning qabul qilinishi va Knyaz Ishtvan I ning taxtga o’tirishi muhim rol o’ynadi. U 1000 yilda o’zini qirol va davlatni Qirollik deb e’lon qildi. 10-asrning ikkinchi yarmidan boshlab dehqonchilik rivoj topdi, yerga xususiy mulkchilik kuchaya bordi. Mo’g’ullarning hujumi (1240-41) Vengriyani vayron qildi. Bu davrda qirol Bela IV (1235-70) Avstriyaga qochdi. 1242 yilda bosqinchilar ketgach, qirol qaytib kelib, mamlakat xo’jaligini qayta tiklash, mamlakatni mustahkamlash choralarini ko’rdi: mayda va o’rta dvoryanlarga imtiyozlar berdi, qo’shni davlatlar bilan aloqa o’rnatdi. Uning vafotidan keyin feodal tarqoqlik kuchaydi. Karl Robert (1308— 42) va uning o’g’li Layosh (Lyudovik) (1342-82) davrida hokimiyat markazlashtirilib, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga e’tibor berildi. 15-asr boshidan Vengriyaga turklar taxdid soldi. Dastlab 1416, 1418 yillarda turklar Vengriya Janubga bostirib kirdi. Mamlakatdagi feodal tarqoqlik turklarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borishga xalaqit berdi. Ichki nizolar kuchaydi, dehqonlarni ekspluatatsiya qilish zo’raydi. O’zaro urushlar, dehqonlar g’alayoni mamlakatni tobora zaiflashtirdi. Moxach yaqinida vengerlar Sulton Sulaymon armiyasilan yengilib (1526), Vengriyaning Markaziy va Janubiy qismi Turkiyaga (150 yil davomida) qaram bo’lib qoldi, g’arbiy va shimoliy qismi Avstriyaga o’tdi. Venger dvoryanlari Avstriya monarxi Ferdinand Gabsburgni o’z qiroli deb tan oldi. Vengriyaning sharqida Transilvaniya knyazligi tashkil topdi, keyinchalik u ham Avstriyaga qaram bo’lib qoldi (1858). 18-asrdan boshlab chet el zulmiga qarshi ozodlik kurashi kuchaydi, bu kurash Ferents II rahbarligida 10 yil davom etib, pirovardida mag’lubiyatga uchradi. 1711 yilgi Satmar sulhiga muvofiq, Avstriya o’z ta’sirini butun Vengriya hududiga o’tkaza boshladi. Gabsburglar o’tkazgan qator islohotlar va «ma’rifatli absolyutizm» siyosatiga qaramay, 18-asr oxiridagi frantsuz burjua inqilobi ta’sirida Vengriyada Avstriya hukmronligiga qarshi norozilik kuchaydi. 1848 yil 15 martda Vengriyada pomeshchiklar tuzumi va Avstriya zulmiga qarshi inqilob boshlandi. 1849 yil 5 yanvarda Avstriya qo’shinlari Vengriya poytaxtiga kirdi. Vengriyaning barcha qonunlari bekor qilindi, mamlakat Avstriyaning viloyatiga aylantirildi. 1867 yil Avstriya hukumati Venger hukmron doiralari bilan kelishib Avstriya-Vengriya monarxiyasini tuzdi. 1 -jahon urushi natijasida bu monarxiya parchalandi. 1918 yil okt.dagi inqilob natijasida Vengriya mustaqil davlatga aylandi (16 noyabrda respublika deb e’lon qilindi). 1919 yil 21 martda Vengriya Sovet Respublikasi bo’ldi. U 1919 yil 1 avgustda ag’darilgach, mamlakatda Xorti Diktaturasi (1920-44) o’rnatiddi. Vengriya Italiya va Germaniya bilan yaqinlashdi. Mamlakat iqtisodiyoti Germaniya fashizmiga xizmat qildirildi. 2-jahon urushida Germaniyaning ittifoqchisi sifatida qatnashdi. 1944 yil martda gitlerchilar Vengriyani bosib oldilar. Ular hokimiyat tepasiga F. Salashini qo’ydilar. 1944 yil sentabrda Vengriya nemis qo’shinlaridan ozod qilina boshladi. 1944 yil 22 dekabrda tuzilgan Vengriya muvaqqqat milliy hukumati oradan 6 kun o’tgach, Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi. 1945 yil 4 aprelda Vengriya nemis qo’shinlaridan butunlay ozod etildi. 1946 yil 1 Fevralda Vengriya respublika deb e’lon qilindi. 1949 yildan Vengriya Xalq Respublikasi deb ataldi. Mamlakatda sanoat, banklar, transport davlat ixtiyoriga olindi, yer islohoti o’tkazildi. Kompartiyaning bir partiyali rejimi keng miqyosda ijtimoiy norozilikka sabab bo’ldi. 1956 yil oktabrdagi xalq isyonida demokratik erkinliklar berilishi talab qilindi. Sho’ro qurolli kuchlari bu isyonni shafqatsizlarcha bostirdi. Varshava shartnomasidan chiqmoqchi ekanini e’lon qilgan I. Nad huqumati qamoqqa olindi. Shundan keyingi yillarda Ya. Kadar boshchiligidagi mamlakat rahbariyati mafkuraviy murosa va xo’jalik islohoti o’tkazish yo’li bilan Vengriya sotsialistik ishchi partiyasining mavqeini mustahkamlashga urindi. 1989 yilda 1949 yilgi Konstitutsiya o’zgartirilib, Vengriya demokratik huquqiy davlat deb e’lon qilindi. 1989 yil 18 oktabrda mamlakat Vengriya Respublikasi deb ataldi. Vengriya 1955 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 3 martda o’rnatgan. Milliy bayramlari: 15 mart — 1848-49 yil burjua inqilobining boshlanishi; 20 avgust — Vengriya davlati asoschisi Avliyo Ishtvan kuni; 23 oktabr.-1956 yil inqilob va ozodlik kurashi boshlangan kun va 1989 yil Vengriya Respublikasi e’lon qilingan kun. Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Vengriya ishchi partiyasi (1918 yilda asos solingan Vengriya Kommunistik partiyasining vorisi, 1948 yildan Vengriya mehnatkashlar partiyasi deb atalgan. 1989 yil 7 oktabrdagi 14-s’yezdda partiya faoliyatini to’xtatish va uning negizida sotsialistik ishchi partiyasini tuzishga qaror qilindi. Bu partiya 1993 yil martidan Vengriya ishchi partiyasi deb ataladigan bo’ldi), Vengriya sotsialistik partiyasi (1989 yilda tashkil etilgan), Vengriya demokratik forumi (siyosiy tashkilot sifatida 1987 yilda tuzilgan), Erkin demokratlar Ittifoqi (1988 yilda asos solingan va siyosiy partiya tarikasida 1989 yilda shakllangan). Kasaba uyushmalari: Mustaqil kasaba uyushmalari demokratik ligasi (1988 yilda mustaqil kasaba uyushmalarini birlashtirish maqsadida tuzilgan), Vengriya kasaba uyushmalari federatsiyasi (Umumvengriya kasaba uyushmalari negizida barpo etilgan; ta’sis s’yezdi 1990 ylda bo’lgan). Xo’jaligi. Vengriya — industrial-agrar mamlakat. Sanoati ilg’or texnika bilan qurollangan, qishloq xo’jaligi yuksak darajada rivojlangan. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 35,5%, qishloq va o’rmon xo’jaligining ulushi 12%. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: mashinasozlik, qora va rangli metallurgiya, elektronika, oziq-ovqat, mebel va yengil sanoat. Yoqilg’i-energetika balansida ko’mir asosiy o’rin egallaydi (Tatabanya, Oroslan, Borshod, Mechek va boshqa konlar). Neft va tabiiy gaz qazib olish rivojlangan. Elektr energiya asosan issiqpik elektr stansiyalarida hosil qilinadi (yiliga o’rtacha 32,5 milliard kVt- soat elektr energiya hosil qilinadi). Qora metallurgiya asosan chetdan keltiriladigan ruda va koks asosida ishlaydi. Bu tarmoqning asosiy markazlari: mishkols, ozd va Dunayvarosh. Boksit-alyuminiy sanoati hal qiluvchi ahamiyatga ega (Almashfyuzit, Ayka, Tatabanya, Inot, Nirad-Deaki va boshqalar). Mashinasozlikning asosiy tarmoqlari — elektr texnika, priborsozlik, aloqa vositalari, hisoblash texnikasi, tibbiyot asbob-uskunalari ishlab chiqarish, shuningdek transport vositalari, ayniqsa kemasozlik, temir yo’l vagonlari, avtobus ishlab chiqarish («Ikarus» zavodlari) rivojlangan. Metall qirqish stanoklari, kimyo, yengil, oziq-ovqat sanoati uchun asbob-uskunalar, qishloq xo’jaik mashinalari, yoritish priborlari ham ishlab chiqariladi. Mashinasozlikning asosiy markazlari: Budapesht, Dyor, Mishkols, Sekeshfexervar va Debresen. Farmasevtika korxonalari Budapesht va Debresenda joylashgan. Kimyo sanoati (ma’danli o’g’itlar, organik sintez mahsulotlari ishlab chiqarish) muhim ahamiyatga ega. Yengil sanoat tarmoqlari orasida to’qimachilik, tikuvchilik, poyabzal ishlab chiqarish (Budapesht, Dyor, Seged, pech va boshqa shaharlarda), oziq-ovqat sanoati (vinochilik, meva-sabzavot konserva, un tortish, qand-shakar, go’sht sanoati va boshqalar) rivojlangan. Qishloq xo’jaligida asosiy o’rinni dehqonchilik oladi. Haydaladigan yerning 2/3 qismiga g’alla ekiladi. Texnika ekinlaridan qand lavlagi, kungaboqar, tamaki, shuningdek kartoshka yetishtiriladi. Sabzavotchilik, bog’dorchilik va uzumchilik mahsulotining anchagina qismi chet ellarga chiqarib sotiladi. Chorvachilikning asosiy tarmoqlari— cho’chqachilik va parrandachilik. Qoramolchilik, qo’ychilik va sut mahsulotlari yetishtirish ham rivojlangan. Balaton ko’lida va Dunay daryosida baliq ovlanadi. Transporti. Temir yo’l va avtomobil transporti Vengriya transportining asosini tashkil kiladi. Temir yo’llarning uzunligi — 7752 kilometr (2277 kilometr elektrlashtirilgan), Avtomobil yo’llarining uzunligi -30 ming kilometrdan ortiq, ichki suv yo’llarining uzunligi 1,6 ming kilometrni tashkil etadi. Dunay daryosida kemalar qatnaydi; u kanal orqali Balaton ko’li bilan tutashtirilgan. Asosiy porti — Budapesht shahri. Vengriya chetga asosan mashinalar va asbob-uskunalar, ximikatlar, elektr ashyolari, boksit, dori-darmon, kiyim-kechak, qishloq xo’jalik va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari chiqaradi. Chetdan xom ashyo, yoqilg’i, yengil va yuk avtomobillari, traktorlar, don kombaynlari, ma’danli o’g’itlar va boshqalar sotib oladi. Chet el sayyohligi rivojlangan. Vengriya iqtisodiyotiga xorijiy sarmoya jalb etish sur’atlari ancha yuqori. Vengriya ningtashqi savdodagi mijozlari — G’arbiy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari. Pul birligi — forint. Tibbiy xizmatga Sog’liqni saqlash vazirligi rahbarlik qiladi. Vengriyada 90 mingdan ortiq o’rinli kasalxonalar bor; 30 mingga yaqin shifokor tibbiy yordam ko’rsatadi. Shifokorlarni Budapesht, Seged, pech, Debresendagi tibbiyot institutlari tayyorlaydi. Xalq maorifi, ilmiy va madaniy- ma’rifiy muassasalari. Vengriyada 8 yillik majburiy boshlang’ich ta’lim joriy etilgan. Davlatga, cherkovga qarashli, xususiy o’rta o’quv yurtlari bor. Vengriyada 887 o’rta maxsus o’quv yurti va 91 oliy o’quv yurti hamda kollejlar ishlaydi. Budapesht universiteti Vengriyadagi eng yirik oliy o’quv yurtidir. Pech shahridagi universitet (1367 yil tashkil etilgan) ham mamlakatdagi eng qadimgi o’quv yurtlaridan. Vengriyada Vengriya Fanlar akademiyasi, geologiya, zootexnika, farmakokimyo va boshqa ilmiy tadqiqot institutlari bor. Yirik kutubxonalari: Davlat kutubxonasi, Budapesht universiteti, parlament kutubxonalari. Vengriyada Milliy muzey (1802 yil tashkil etilgan), Milliy galereya, tasviriy san’at, tabiiyot-tarix, ilmiy-texnologiya (hammasi Budapesht shahrida), Shopron shahrida Ferents List, Sekeshfexervarda qirol Ishtvan muzeylari mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Vengriyada bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Eng yiriklari: «Deyli Nyus» («kundalik yangiliklar», ingliz va nemis tillaridagi kundalik gazeta, 1979 yildan), «Kurir» (mustaqil kundalik gazeta, 1990 yildan), «Madyar nemzet» («Venger millati», kundalik siyosiy gazeta, 1938 yildan), «Madyar xirlap» («Venger gazetasi», kundalik siyosiy gazeta, 1968 yildan), «Nepsabadshag» («Xalq erki», kundalik gazeta, 1942 yildan), «Nepsava» («Xalq so’zi», kundalik gazeta, 1873 yildan), «Sabadshag» («Ozodlik», haftalik gazeta, 1990 yildan), «Kortarsh» («zamondosh», oylik adabiy jurnal, 1957 yildan), «Madyar shayto» («Vengriya matbuoti», oylik jurnal, 1960 yildan), «may magazin» («zamonaviy jurnal», oylik jurnal, 1981 yildan). Vengriya telegraf agentligi (MTI) 1880 yilda, Vengriya radiosi 1924 yilda, Vengriya televideniyesi 1957 yilda tashkil etilgan. Adabiyotining tarixi xalq og’zaki ijodidan boshlanadi. Uning ayrim parchalari o’rta asrlarga oid lotin tilidagi risolalarda saqlanib qolgan. Noma’lum muallifnimg «vengerlarning ishlari» risolasi shu jumladandir. Venger tilidagi dastlabki yozma adabiyot obidalari — «qabr ustidagi va’z», «Assizlik Frantsiskning sarguzashti» asarlari 13-14-asrlarga mansub. Ya. Pannonius va B. Balashshi 15— 16-asrlarda lirik she’rlari bilan mashhur bo’ldilar. Turklar zulmiga qarshi mustaqillik yo’lidagi kurashga bag’ishlangan asarlar milliy adabiy tilning shakllanishiga barakali ta’sir qildi. M. Zrinining «Siget falokati» epik dostonida milliy birlik g’oyasi madh etildi. M. Dyondyoshining epik asarlari 17-asr Venger klassisizmining namunasidir. 18-asrda ma’rifatchilik adabiyoti paydo bo’ldi. Bu davrda «Agis», «Faylasuf», «Tarimenning sayohati» asarlarining muallifi D. Beshshenei, demokratik ruhdagi «Doroteya» hajviy eposi bilan shuhrat qozongan M. Chokonai-Vitez ijodi muhim. Y. Katoni, M. Vyoryoshmarti, milliy madhiya matnining muallifi F. Kyolchei romantik asarlari bilan tanildi. 19-asrning 40- yillarida adabiyotda realizm kurtaklari ko’rina boshladi. Y. Etvyosh «Qishloq notariusi», «1514 yilda Vengriya» romanlarida eski feodal tartiblarini tanqid qildi, doji boshchiligidagi dehqonlar qo’zg’olonini aks ettirdi. «Pahlavon Yanosh», «Milliy qo’shiq» epik dostonlarining muallifi Shandor Petyofi Venger she’riyatini xalqchillik, demokratizm, realizm goyalari bilan boyitdi. Petyofi she’riyati 1848-49 yillar inqilobida zo’r ahamiyat kasb etdi. Bu davrda Ya. Aranning toldi haqidagi poemalar trilogiyasi («toldi», «toldi kechasi», «Toldining muhabbati») va qator she’rlarida dehqonlarning feodal tuzumga qarshi noroziliklari ifodalandi. Venger adabiyotiga shoir E. Adi katta hissa qo’shdi. Uning «Venger dashtida», «Venger yakobinchisi qo’shig’i», «Dyord Doji nevarasi», «jangovar yo’l» kabi asarlari jamiyatni qayta qurish ruhi bilan sug’orilgan. 1 — va 2-jahon urushlari orasidagi davrda Venger inqilobiy lirikasining yirik vakili A. Yojef asarlari keng tarqaldi. Ispan milliy ozodlik kurashida general Lukach nomi bilan shuhrat qozongan yozuvchi Mate Zalka qator asarlarida, shuningdek «Doberdo» romanida ozodlik yo’lidagi kurashchilar obrazini yaratdi, mehnatkashlar ongining uyg’onishini haqqoniy tasvirladi. Vengriya adabiyotining yirik vakillari L. Meshterxazi, A. Berkeshi, I. Dobozi, L. Erdyosh asarlari yangi insonning shakllanishi masalalariga bag’ishlangan. Taniqli shoirlardan D. Iyesh, I. Shimon, G. Garai lirik asarlari, Y. Darvashning «Badmast yomg’ir» romani va D. Fekyotning «Vrach o’limi», F. Shantining «soat yigirma», I. Erkenning «Totovlar xonadoni» qissalari ijtimoiy mavzuning chuqur tahlil etilishi, ruhiy holat tasvirining teran falsafiyligi bilan Vengriya adabiyotida alohida o’rin oladi. Me’morligi. Vengriya hududida paleolit va neolit davrlariga oid manzilgoxlarning qoldiqlari, skif-sarmat va antik madaniyatlarning yodgorliklari topilgan. Milodning dastlabki asrlariga mansub qadimgi Rim me’moriy yodgorliklari saqlangan. 11-12-asrlarda pech, Estergomda me’morlik maktablari vujudga keldi. 11 —13-asrlarda roman va gotika uslubidagi qo’rg’onlar, qasrlar va turar joylar qurildi. 15-asrning 2-yarmidan Uyg’onish davri tamoyillari vujudga kela boshladi. 17-asr oxirlarida Avstriyaliklar ta’sirida barokko uslubi yoyildi. 19-asr da klassisizm uslubi tarkib topdi. 19-asr oxirida Budapeshtni qurish avj oldi (parlament binosi, opera teatri va boshqalar). 19-20-asr bo’sag’asida Venger «moderni» me’morligida xalq me’morligi usullaridan foydalanildi. 20-asr o’rtalaridagi Vengriya me’morlari salobatli sanoat, turar joy, ma’muriy binolar barpo etishga kirishdilar. Komlo, Varianati, Budapesht shaharlarida jahonning eng kurkam me’moriy majmualari barpo etildi. Budapeshtdagi Markaziy stadion (me’mor K. David va boshqalar), binokorlik sanoati kasaba uyushmasi xodimlari uyi (me’mor L. Gardorash va boshqalar), Dunay daryosiga qurilgan Erjebet ko’prigi (me’mor P. Shali), Balaton ko’li bo’yidagi mehmonxonalar va boshqa binolar Vengriya me’morligining muvaffaqiyati bo’lib, industrial asosda barpo etilgan. Tasviriy san’ati. Vengriya hududida sopol haykallar (neolit davri), kelt va skiflarning san’at yodgorliklari saqlanib qolgan. Rim davri manzilgohlarida turli rasmlar, haykalchalar, guldonlar topilgan. O’rta asrlardagi rassomlik, haykaltaroshlik (Avliyo Georgiyning otga minib turgan haykali, bronza, 14-sr., Marton va Derd Kolojvarlar ishlagan) hamda badiiy hunarmandlik buyumlari saqlangan. Uyg’onish davrida (15-asr oxirlari, 16-asr boshlari) Vengriya san’ati yuksak bosqichga ko’tarildi. O’tmish an’analari turklar hukmronligi davrida ham mahalliy tusda davom etdi. Bu narsa yozma kitoblarni bezashda, amaliy-bezak san’atida namoyon bo’ldi. 17-asr oxiri, 18-asr boshlarida barokko uslubidagi portret rassomligi rivojlandi (A. Manoki). 19-asrda portret (M. Barabash), manzara (ota-bola Markolar), rassomlik, haykaltaroshlik (I. Ferentsi), suratkashlik (M. Zichi) rivojlandi. 1848-49 yillardagi inqilobdan keyin ozodlik g’oyalari bilan sug’orilgan tarixiy kartinalar yaratildi (V. Madaras, B. Sekey). Mashhur rassom M. Munkachi esa ijtimoiy hayotni ifodalovchi chuqur g’oyali kartinalar yaratdi. 19-asr oxiri, 20-asr boshlarida I. Reves, A. Fenesh, Ya. Tornyai, K. Kerishtok, D. Rudnai kabi rassomlar Venger rassomligi an’analarini davom ettirdilar. M. Ijo, A. Shtrobl kabi haykaltaroshlar realistik asarlar yaratdilar. Shu davr Vengriya san’atida Sh. Xolloshi asos solgan Nadban realistik rassomlik maktabi katta rol o’ynadi. Vengriyaning 20-30-yillar san’atida Dyula Derkovich va Ishtvan Deshi-Xuber kabi mashhur rassomlar ijod qildilar. Fashizm tartibi o’rnatilgandan keyin ko’pgina taraqqiyparvar rassomlar chet ellarda ishladilar, mamlakatda qolganlari ijtimoiy o’tkir ta’sirchan asarlar yaratdilar. Rassomlardan Bertalan por, Aurel Bernat, Ishtvan Syoni, haykaltaroshlardan Beni Ferentsi, jigmond Kishfaludi-Shtrobl, Yojef shomodi, Tamash viga, Dyord Shegeshdi, Ferents Kovach va boshqalar Vengriya tasviriy san’atini boyitdilar. Vengriyada amaliy san’at ham qadimgi an’analarga ega; Noemi Ferents yaratgan gobelenlar, Margit Kovach yaratgan sopol buyumlar e’tiborli. Musiqasi. Venger xalq qo’shiqlari bir ovozlidir; qadimgi ohanglari esa Mari,udmurt, chuvash kuylarini eslatadi. Igris deb ataluvchi Venger xalq baxshi-dostonchilari haqidagi dastlabki ma’lumot yu-a.ga taalluqli. Xristianlik rasmiy din bo’lib qolgach (10-asr), Grigoriem xoralining ta’siri kuchaydi. Professional Vengriya musiqasi (13-asrdan) zodagonlar orasida ravnaq topdi. Unda G’arbiy Yevropa musiqasi bilan Venger xalq musiqa ohanglari qo’shildi. 16-asrda Lyutnya ijrochisi va xonanda Sh. Tinodining tarixiy mavzudagi dastlabki dunyoviy qo’shiklari, B. Bakfark kabi sozanda-kompozitorlarning cholg’u asarlari nashr etildi. 17-18-asrlarda Vengriya zodagonlarining ko’pchiligi o’zlarining xor hamda cholg’u kapellalari bilan nom chiqarishdi. 18-asr oxiridan cholg’u musiqasining yangi raqsbop janri — verbunkosh taraqqiy etdi. Uning shakllanishida Vengriya lo’li sozandalari katta rol o’ynadi. Keyinchalik milliy musiqaning asosiy uslubi darajasiga ko’tarllgan verbunkosh barcha janrlarga ta’sir qildi. Kompozitor Y. Ruzichka shu uslub zaminida birinchi Vengriya operasi («belaning qochishi», 1822) ni yozdi. O’z ijodida verbunkosh bilan Italiya operanavislik tajribasini qo’shgan 19-asr atoqli kompozitori F. Erkel «Bank ban», «Laslo Xunyadi», «Dyord Doja» singari milliy ozodlik harakati ruhidagi operalarni yaratdi. Verbunkosh ohanglari Gaydn, Mosart. Betxoven, Shubert, Brams, Berlioz, List singari kompozitorlarni ilhomlantirdi. 1834 yilda dastlabki Milliy musiqa maktabi tashkil topdi. Shuning zaminida F. List musiqa akademiyasini barpo qildi (1918 yildan List nomidagi Oliy musiqa san’ati maktabiga aylangan). Peshtda opera teatri (1837), Milliy konservatoriya (1840, keyinchalik oliy musiqa maktabi deb iomlangan) barpo bo’ldi. 1853 yil Filarmoniya jamiyati tashkil topdi. Mashhur pianinochi, kompozitor F. List faoliyati 19-asr Vengriya musiqa taraqqiyotida katta rol o’ynadi. B. Bartok, Z. Koday singari kompozitor va musiqashunoslar xalq ijodi asarlarini o’rganib, Vengriya musiqa madaniyati rivojiga katta hissa qo’shdilar. 20-asrda F. Legar, I. Kalman, V. Yakobi operettalari olamga mashhur bo’ldi. Vengriya musiqasi taraqqiyotida A. Mixay, P. Kadosha, R. Marosh, E. Servanskiy, F. Farkash, D. Ranki. P. Yardani, Sh. Sokolai, J. Durko singari kompozitor va musiqashunoslarning xizmatlari katta. Teatri. Teatr kurtaklari 9-asrdagi ko’chmanchi vengerlarning o’yinlari va marosimlariga borib taqaladi. Qiziqchi-masxarabozlar va baxshilar o’ziga xos xalq madaniyatining namoyandalari edi. 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida maktab teatrlari raem bo’ldi. 18-asr boshida saroy teatr truppalari yuzaga keldi. 1790 yilda birinchi professional teatr tashkil qilindi. 1837 yilda Peshtda «Peshti madyar sinxaz» nomli doimiy teatr (1840 yildan Venger milliy teatri) ochildi. Vengriya teatrining shakllanishida aktyorlardan M.’Lendvai, G. Egreshshi, R. Laborfalvi, M. Yasai, rejissyor E. Paulai katta rol o’ynadilar. 19-asr oxirida yana bir qator viloyatlarda teatrlar tashkil etildi. 1-va 2 — jahon urushi orasida Vengriya teatri chuqur tushkunlikka uchradi. Urushdan keyin yangi teatrlar ishga tushirildi: Budapeshtda Sh. Petyofi nomidagi teatr, M. Yokai nomidagi teatr, Seged, pech va boshqa shaharlardagi teatrlar. Rejissyorlardan T. Mayor, E. Gellert, K. Kazimir, L. Vamosh, aktyorlardan G. Bayor, K. Tolnai, A. Shomlai, M. Gabor, L. Bashti mashhur. 1925 yilda Budapeshtda turg’un operetta teatri (1949 yildan Milliy teatr) tashkil qilindi. Balet san’ati 19-asr oxirida paydo bo’lib, 20-asr boshida rivojlandi. Budapeshtdagi Milliy teatr qoshida balet maktabi bor. Vengriyada estrada, qo’g’irchoq teatri, tsirk va tsirk maktabi ham mavjud. Kinosi. 19-asr oxirida dastlabki xronika filmlari suratga olina boshladi. 1896 yil Budapeshtda birinchi kinoteatr ochildi. 1901 yilda Venger filmi «Rake» (rejissyor B. Jitkovskiy) yaratildi. Shu filmdan ilmiy-ommabop kino tarixi boshlangan. 1912 yil 14 oktabrda milliy badiiy kinematografiya yuzaga keldi. 1912 yildan V. filmlari muntazam suratda ishlab chiqarila boshladi. Keyingi yillarda Vengriyada yaratilgan filmlar haqqoniyligi, jiddiy masalalarni ko’tarib chiqqanligi bilan ajralib turadi. Vengriya kinematografiya ilmiy tadqiqot instituti (1956), teatr va kino instituti bor. Vengriyada ishlab chiqarilgan ko’pgina badiiy va qisqa metrajli filmlar xalqaro kinofestivallarda mukofotlangan. 60-80-yillardagi eng yaxshi filmlar: «20 soat» (rejissyor Z. Fabri), «ota» (rejissyor I. Sabo), «Noumid» (rejissyor M. Yancho), «fotosurat» (rejissyor P. Zolnai) va boshqalar. I. Pechi, K. Tolnai, M. Gabor, L. Bashti, E. Rutkai kabilar Vengriya kinosining mashhur aktyorlaridir. O’zbekiston-Vengriya munosabatlari. Venger va o’zbek xalklari o’rtasidagi aloqalar tarixi o’tgan asrdan boshlanadi. Bir necha mashhur Venger sayyohining O’rta Osiyoga qilgan safarini bu yo’ldagi dastlabki odim deyish mumkin. 19-asrda Turkistonga Venger sayyohlari G. Vambe- , Enyo Zichi, 20-asr boshida Dyord Almashi kelib, so’ngra o’z sayohatlari to’g’risida kitoblar nashr qildirishgan. Vengriya 1991 yil 26 dekabrda O’zbekiston Respublikasining mustaqilligini tan oldi. 1992 yil ikki davlat o’rtasida diplomatiya munosabatlari o’rnatilgach, shu yili mart oyida O’zbekistan Bosh vaziri rahbarligidagi delegatsiya Vengriya Respublikasiga tashrif buyurdi, ikki mamlakat o’rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar to’g’risidagi hukumatlararo bitim imzolandi. Mazkur hujjat ikki davlatning teng huqukli va o’zaro manfaatli asosda hamkorligi uchun ilk asos bo’lib xizmat qila boshladi. 1993 yilning aprelda O’zbekistonga Vengriya tashqi ishlar vazirligining davlat kotibi rahbarligidagi delegasiya tashrifidan so’ng ikki davlat o’rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalar yo’lga qo’yildi. Tez orada «Mogyurt», «boglina» kabi Venger firmalari O’zbekistonga kirib kela boshladi. «Mogyurt» firmasi orqali yurtimizga mashhur «Ikarus» avtobuslari va ularning ehtiyot qismlari keltirila boshlagan bo’lsa, yana boshqa firma va kompaniyalar dori-darmon, yengil sanoat mahsulotlarini olib kelish bilan shug’ullanishga kirishdi. Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida Vengriyalik sheriklar bilan parrandachilik sohasida hamkorlik yo’lga qo’yildi. 1995 yil Toshkentda Vengriya savdo va madaniyat markazi ishga tushdi. Markaz tashabbusi bilan 1996 yilning kuzida ochilgan ko’rgazma zali poytaxt aholisi va mehmonlariga yaxshi xizmat ko’rsatdi. Mamlakatlarimiz o’rtasidagi o’zaro savdo-sotiqning salmoqli qismini O’zbekistan paxtasi va Vengriya bug’doyi egallaydi. Jumladan, 1996 yil Vengriyaga 25 million AQSh dollari hajmida paxta va paxta mahsulotlari jo’natildi. Vengriyadan esa jami 20 million AQSh dollari hajmida turli tovarlar keltirildi. 1997 yilning dastlabki sakkiz oyida tovar ayirboshlash qariyb 30 million AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Vengriyaning «bank Budapesht». «Markaziy Yevropa xalqaro banki», «Vengriya tashqi savdo banki», «bank Majyar Xitel», «Bank Majyar Kulkereskedelmi», «bank Inter-Yevropa» banklari bilan vakillik munosabatlari o’rnatgan. Vengriya Eksimbanki esa O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining asosiy hamkoridir. O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida Vengriyaning «Novi Treyd kft» firmasi (har qanday turdagi «Ikarus» avtobuslarini yetkazib berish va ularga servis xizmati ko’rsatish) va «Gedeon Rixter aktsiyadorlik jamiyati» rasmiylashtirilgan. Mazkur vazirlikda Venger sarmoyasi ishtirokidagi «Fayz LTV tekstil» (ip gazlama sanoati), «Revina» (ozuqa moddalari ishlab chiqarish), «Shark caola» (upa-elik va pardoz-andoz buyumlari ishlab chiqarish), «Novi Treyd-R» (vositachilik xizmatlari) qo’shma korxonalari va 100% Venger sarmoyasi qo’yilgan «Nordaks» (tashqi savdo faoliyati), «Trabikum» (ulgurji savdo), «Viklar Revmip» (kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish) korxonalari ro’yxatga olingan. Vengriya Prezidentining 1997 yil okt. dagi O’zbekistonga tashrifi yakunlari ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarda buril ish yasash uchun sharoit vujudga keltirdi, jumladan, har tomonlama hamkorlik va do’stona munosabatlarli yanada chuqurlashtirish to’g’risidagi deklaratsiya, diplomatik pasportga ega bo’lgan fuqarolarning o’zaro vizasiz safari tartibi haqidagi bitim. Sayyohlik sohasida hamkorlik to’g’risidagi bitim imzolandi.