Venetsiya
Venetsiya — Italiyaning shimoldagi shahar, Adriatika dengizining Venetsiya qo’ltig’ida. Venetsiya viloyati va Venetsiya provintsiyasining ma’muriy markazi. Venetsiya 2 qismdan iborat: tarixiy markaz (aholisi 100 ming kishi atrofida) 150 kanal bilan ajralib turgan 118 orolda joylashgan va materikdagi sanoatlashgan port qismi. Venetsiyaning orollardagi qismi — muzey shahar, dengiz kurorti, xalqaro turizm markazi. Aholisi 450 mingdan ziyod kishi (1990-yillar oxirlari). Venetsiyadagi kanallar (Rio) ustiga 400 dan ortiq ko’prik qurilgan. Kanallardan eng muhimi katta kanalning uzunligi 3,8 kilometr bo’lib, shaharni butunicha kesib o’tgan. Materikka eng yaqin orol temir yo’l (1846 yildan) va avtomobil yo’lli (1932 yildan) ko’prik orqali tutashgan. Yirik port (yuk ortib-tushirish yiliga 30 million tonna). Havo yo’llari tuguni. Lido orolida xalqaro aeroport bor. Miloddan avvalgi 5-asrdan boshlab Venetsiyada aholi yashagan. 9-10-asrlarda G’arbiy Yevropa bilan Sharq o’rtasidagi savdoda vositachilik rolini o’ynagan. 4-salib yurishi natijasida (1202-04) Venetsiya O’rta dengiz imperiyasiga aylanadi (Istanbulning bir qismi, marmar dengizidagi bir necha gavan, Evbey, Krit va boshqa orollarni egalladi). 15-asr boshlariga kelib, Venetsiya o’zga viloyatlarni bosib olish siyosatini yuritdi. Istanbulning turklar tasarrufiga o’tishi (1453) hamda Buyuk geografik kashfiyotlardan so’ng savdo yo’lining O’rta dengizdan Atlantika okeaniga ko’chishi Venetsiya mavqeiga katta zarar yetkazdi. 17-18-asrlarda Venetsiya chuqur tushkunlikka yuz tutdi. 1797 yil Venetsiyani Frantsiya qo’shinlari ishg’ol qildi va Kampoformiy sulhiga muvofiq u Avstriyaga berildi. 1848-49 yillardagi inqilob tufayli Venetsiya mustaqil respublika bo’ldi. 1866 yil Venetsiya yana Italiya tarkibiga kirdi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Venetsiya yirik sanoat markaziga aylandi. Venetsiya 1943 yil nemis qo’shinlari tomonidan okkupatsiya qilindi. 1945 yil aprel qo’zg’oloni natijasida ozod qilindi. Venetsiyaga sanoat xom ashyolari (metall, neft, ko’mir, paxta tolasi va boshqalar) chetdan keltiriladi. Venetsiyada odatdagi shahar transporti yo’q, yo’lovchilar qayiqlar va motorli kemalarda tashiladi. Venetsiya Italiyaning iqtisodiy jihatdan ancha taraqqiy qilgan markazlaridan. Yirik sanoat korxonalari Venetsiyaning materikdagi chekka qismlarida. Kemasozlik, rangli metallurgiya (alyuminiy, rux), neftni qayta ishlash, kimyo, to’qimachilik, mashinasozlik,oziq-ovqat, oyna, poligrafiya sanoati tarmoqlari rivojlangan. Qurol-aslaha, neft- kimyo, koks-kimyo, alyuminiy prokatlari va chinni zavodlari, temir yo’l ustaxonalari bor. Shuningdek, qadimdan an’ana bo’lib kelayotgan badiiy buyumlar, nafis to’rlar va boshqa hunarmandchilik buyumlari ham ishlab chiqariladi. Venetsiyaga turistlar ko’p keladi. Lido orolida mashhur xalqaro dengiz kurorti joylashgan. San’at akademiyasi, savdo, tibbiyot va Adriatika dengizini o’rganish instituti, universitet bor. Kuzgi kuchli shamollar ta’sirida dengiz suvi sathining ko’tarilishidan Venetsiyada shahar maydonlari va ko’chalarini suv bosadi. Venetsiya asrlar davomida tobora suv ostiga cho’kayapti. Undagi moddiy va madaniy yodgorliklarni saqlab qolish uchun choralar izlanmoqda. Venetsiyada (13-asrda) Italiyadagi asosiy rassomlik maktablaridan biri vujudga keldi va o’ziga xos tarzda rivoj topdi. Venetsiyada Akademiya galereyasi, arxeologiya muzeyi, shisha buyumlari muzeyi (Murano orolida) bor. Me’moriy yodgorliklardan San-Marko sobori (9-15-asrlar), San-Marko qadimgi kutubxonasi (16-asr), saroylar (15-asr, 15-asr oxiri), cherkov va monastirlar (15-16-asrlar) va boshqalar saqlangan.