Voha tuproqlari
Voha tuproqlari — sug’orma dehqonchilik mintaqalaridagi tuproqlar. Keng daryo vodiylari, tog’lararo soyliklar va tog’ etaklarining Nishab tekisliklaridagi vohalarda tarqalgan. O’rta Osiyo Voha tuproqlari qadimdan dehqonchilik qilib kelinayotgan hududlardagi tuproqlarning asosiy qismini tashkil etadi. Sug’orma dehqonchilik ta’sirida Voha tuproqlari mutlaqo yangi belgilarga ega bo’lib boradi. Sug’oriladigan erlarga beriladigan suv bilan birga oziq moddalarga boy oqiziqlar keladi. Amudaryo suvlaridagi o’rtacha yillik oqiziqlar miqdori Termiz shahri yonida 206 million tonna, Nukus shahri yonida esa 104 million tonnani tashkil etadi. Oqiziqlarning asosiy qismi kanallarda cho’kib qoladi, shuning uchun sug’orish shoxobchalarini tez-tez tozalab turish zarurati tug’iladi. Zarafshon daryosi havzasidagi dalalarga sug’orish suvi bilan birga har yili gektariga 10,8 — 17,8 tonnagacha oqiziq jinslar, jumladan, o’rtacha 2350 kg/ga SaSO3 485 kg/ga K2O va 0,41 kg/gacha R2O5 oqib keladi. Sug’oriladigan erlarga kelib tushadigan agroirrigatsion yotqiziqlar miqdori yiliga 0,8—1,3 mm ga ortadi. Samarqand, Buxoro, Murg’ob va Xorazm singari qadimgi vohalardagi bunday yotqiziqlar qalinligi 1-2 metr va undan ortiq. Morfologik tuzilishi, agrokimyoviy, agrofizik, biologik xususiyatlari va meliorativ holatiga ko’ra O’rta Osiyoning sug’orma dehqonchilik mintaqalaridagi Voha tuproqlari turli tiplarga, ya’ni cho’l mintaqasining o’tloqi-voha, botqoqi-voha va taqirli-voha tuproqlariga, sur tuproqlari mintaqasining o’tloqi-voha, botqoqi-voha va sur tuproqli-voha tuproqlari tipiga mansub. Agroirrigatsion yotqiziqlar qalinligiga ko’ra: yupqa (35— 50 santimetr), o’rtacha (70-80 santimetr) va juda qalin (1 metrdan ko’p) bo’lgan tuproqlarga ajratiladi. Voha tuproqlarining paydo bo’lish jarayoni o’ziga xos zonal belgilarga ega. Bu jarayonni ikki asosiy bosqichga bo’lish mumkin. Birinchi bosqichda Voha tuproqlarining tabiiy belgilari (qo’riqlik) saqlanib qoladi. Masalan, haydash va sug’orish ta’sirida tusi, qalinligi, strukturasi, chimli va chim osti qatlamlarining joylanishi turlicha bo’lgan sur tuproqlardan zichligi, mexanik tarkibi deyarli bir xil, kulrangroq haydalma va yanada zichroq haydov osti qatlamlar shakllanadi. Ad.: Bahodirov M., Tuproqshunoslik, T., 1971; Ermatov A. Q., Sug’oriladigan dehqonchilik, T., 1983. Abdurahim Ermatov.