Vobkent
Vobkent (o’g’uz shevasidagi «vob» yoki «vahobkent» — «bo’z, qo’riqaagi qishloq» ma’nosida) — Buxoro viloyatidagi shahar (1981 yildan). Vobkent tumanining ma’muriy markazi. Vobkent — ko’hna shaharlardan biri. O’rta asrlarda Vobkent atrofida bir necha qishloq-qo’rg’onlar bo’lgan. Vobkentning g’arbida joylashgan Narshax qishlog’i shulardan biri. 10-asrda yashagan tarixchi olim Narshaxiy shu qishloqda tavallud topgan. Narshax qishlog’i Muqanna qo’zg’oloni markazlaridan biri bo’lgan. Vobkent 14-asr hujjatlarida o’z qozisiga ega bo’lgan qasaba, ya’ni shahar sifatida Vobkana nomi bilan tilga olinadi. 16-asrdan boshlab Vobkent ikki nom — Vobkana va Komot deb yuritila boshlagan. 17-asrning tarixchi olimi Mahmud ibn Valining («Bahr ul-Asror»; 1634-41) kitobida Vobkent tumani nomi Komot shaklida keltiriladi. Vobkent haqida Mirzo Badening «Majma’ al-arqom» («raqamlar majmui»; 18-asr) kitobida ham ma’lumotlar uchraydi. 19-asr 2-yarmiga oid vaqf hujjatlarida keltirilishicha, Komot tumani (hozirgi Vobkent tumani)dagi Narchoq (Narshax) qishlog’ida hunarmandlar ko’p bo’lgan. Vobkentda qadimda madrasa, xammom, bozor masjidi, ko’hna Vobkand, Vobkand qo’rg’oni kabi tarixiy obidalar bo’lib, hozirda saqlanmagan. Vobkent Buxoroni Samarqand va Toshkent bilan bog’lovchi avtomobil magistral yo’li yoqasida joylashgan. Vobkentning o’rtasidan Zarafshon daryosining irmog’i Vobkent daryosi kesib o’tgan. Yaqin temir yo’l stansiyasi — Buxorodan 28 kilometr. Aholisi qariyb 16 ming kishi (2001), asosan o’zbeklar; shuningdek rus, tojik, tatar, Ozarbayjon va boshqalar ham yashaydi. Tuman tashkilotlari, paxta lunkti, hunarmandchilik va badiiy buyumlar tsexi faoliyat ko’rsatadi. Me’moriy yodgorliklardan Vobkent minorasi bor. Vobkentda 1993 yil 120 o’rinli viloyat sog’lomlashtirish markazi ishga tushirildi. Qishloq xo’jalik kasb-hunar kolleji (600 o’rinli), umumiy ta’lim maktablari, stadion, dorixona, davolash muassasalari, maishiy xizmat va jamoat ovqatlanish punktlari, novvoyxona, sanoat mollari va bolalar dunyosi magazini, bozor, kutubxona, madaniyat uyi, mehmonxona, yozgi va qishki kinoteatrlar, aloqa bo’limi, maishiy xizmat punktlari mavjud. Qahramon Rajabov.