Abd
Abd – (arabcha-qul, banda) – keng ma’noda “qul” tushunchasi; shuningdek, majoziy ma’noda aksariyat, musulmonlar ismining tarkibiy qismi (masalan, Abdurahmon, Abdurahim va boshqalar). Allohning quli, bandasi ma’nosini bildiradi. Qullikni islom e’tirof etgan bo’lsa-da, biroq xojadan qulga nisbatan yaxshi insoniy muomalada bo’lish talab qilingan. O’z ixtiyori bilan qulni ozod qilish eng go’zal solih amallardan sanalib, u yetim yoki kambag’alni ocharchilik paytida yedirib-ichirganlik savobiga erishadi. Shuning uchun jinoyat sodir etilganda, jinoyatchi uni qul ozod qilish orqali yuvgan, masalan, musulmon ichgan qasamni buzsa yoxud ataylab ro’zasini ochib yuborsa qul ozod qilgan. Ozod qilinganlik yozma ravishda qayd etiladi. Muhammad (s.a.v.)ning 20 nafar (ismlari ma’lum) qullari bo’lib, u zot ularni turli vaqtlarda ozod etganlar; Muhammad (s.a.v.)ning ikki ayollari qul-cho’rilardan bo’lishgan va ularning har ikkisini ozod qilganlar. Islom huquqida barcha musulmonlar erkin, ozod hisoblanib, ular musulmon davlatlarida qul qilinishi, jumladan, qarzi evaziga qulga aylantirilishi mumkin emas. Masalan, hanafiylikka ko’ra, go’dak musulmonlar yashaydigan yurtdan topilgan bo’lsa, u musulmon va erkin sanaladi. Kimda-kim dalillarsiz uni qul deb da’vo qilsa, qabul qilinmaydi. Biroq qulning islom diniga kirishi uning o’z-o’zidan erkin, ozod bo’lganligini anglatmaydi. Agar cho’ri hojadan farzand ko’rsa (xoja uni o’ziniki deb tan olsa), cho’ri umm avlodga aylangan va ayrim imtiyozlarni qo’lga kiritgan. Agar hojanig ozod xotini bo’lmasa, u cho’riga uylanishi, cho’ri esa ozod ayolga nisbatan yarim huquqqa ega bo’lishi mumkin edi. Uning farzandlari erkin hisoblangan, ya’ni bolalar otaga merosxo’r bo’lgan. Shu bois cho’ridan tarqalganlik shaxsning sha’niga dog’ tushirmagan. Ko’pchilik xalifalar (masalan, Horun ar-Rashid) cho’rilarning farzandlari bo’lishgan. Qullar hojalarining roziligi bilan oila qurishgan, bu hatto Qur’onda ham tavsiya etilgan. Ajralish uchun xojaning roziligini olish shart emas, hatto xoja o’z qullarining nikohini bekor qilishga haqqi bo’lmagan. Diniy jihatdan musulmon qul erkin musulmonlar bilan teng sanalgan, biroq juma namozida bo’lish hamda zakot to’lash va sadaqa berish uning uchun majburiy hisoblanmagan. Bordi-yu, namoz paytida imomlikka erkin musulmon topilmasa, qul imomlik qilolgan, lekin bironta ham diniy mansab (qozilik, muhtasiblik, imomlik)ni egallashi mumkin bo’lmagan. Islom davlatlarida qulchilik 20-asr o’rtalarigacha saqlanib kelgan. Jazoirda-1848 yil, Markaziy Osiyoda 1865-73 yillarda rasman, amalda esa 20-asr 1-choragida, Afg’oniston, Eron, Iroqda-1923-29 yillarda, Saudiya Arabistonida-20-asrning 70-yillarida bekor qilingan.