«ABDULLANOMA»

«ABDULLANOMA», «Sharafnomai shohiy» — Movarounnahrning 16-asrdagi tarixiga bag’ishlangan tarixiy asar. Hofiz tanish Buxoriy tomonidan 1584 — 90 yillar oralig’ida fors tilida yozilgan. Asar Buxoro hukmdori Abdullaxon II ga bag’ishlanib, «Sharafnomai shohiy» va qisqartirilgan ayrim nusxalari «Zafarnomai Abdullaxon» nomlari bilan ham ataladi. “Abdullanoma” nazm aralash kofiyalangan Nasr bilan yozilgan. “Abdullanoma” muqaddima, ikki maqola (qism) va xotimalardan iborat. Ammo asarning oxirgi qismi yozib tugatilgani ma’lum emas. Asar muqaddimasida Abdullaxonning hokimiyatga kelguniga qadar Movarounnahrda yuz bergan siyosiy voqealar — Chingizxonning istilosi va mo’g’ullar hukmronligi, Dashti Qipchoqda Abulxayrxon davlati (1428 — 68) ning barpo bo’lishi, Shayboniyxon (1451 — 1510) ning Xurosonga yurishlari, Shayboniylar bilan Zahiriddin Bobur o’rtasidagi harbiy to’qnashuvlar hamda Abdullaxonning nasli va nasabi to’g’risida hikoya qilinadi. “Abdullanoma” ning asosiy qismida Shayboniyxondan so’ng Movarounnahrdagi siyosiy vaziyat, uning bir qancha mayda hokimliklarga bo’linib ketishi, Abdullaxonning Markaziy hokimiyatni mustahkamlash va mamlakatni siyosiy jihatdan birlashtirishga qaratilgan harakatlari, uning Dashti Qipchoq va Xurosonga yurishlari, 16-asrning 80 — 90-yillarida Buxoro, Xorazm va Badaxshondagi siyosiy vaziyat hamda Xorazm bilan Badaxshonning Buxoro xonligiga qo’shib olinishi kabi tarixiy voqealar bayon etiladi. Asarda 16-asrda Movarounnahr bilan Turkiya, Hindiston va Eron o’rtasidagi munosabatlarga hamda Rossiya bilan savdo aloqalariga oid ma’lumotlar bor. Unda 16-asrda Buxoro xonligi qo’shinlarining tuzilishi, harbiy taktikasi, qurol-yarog’lari hamda Movarounnahrda, shu jumladan Buxoroda qurilgan me’morchilik obidalari va suv inshootlari to’g’risidagi ma’lumotlar keltiriladi. “Abdullanoma”da Movarounnahr xalqlarining etnik tarkibi, jumladan Qang’li, Qipchoq, Qorliq, Xalaj, Og’ajiri, Uryonqit, Qo’ng’irot, Orlot, Uyg’ur, Sulduz, Bayovut, Do’rmon va boshqa qavmlarning kelib chiqishi va ularning urf-odatlari to’g’risida ma’lumotlar bor. “Abdullanoma”ni yozishda Xofiz tanish Narshaxiyning «Buxoro tarixi», Rashiduddinning «Jome at-tavorix», Juvayniynnj «Tarixi jahon kushoy», Mirxondning «Ravzat us-safo», Sharafuddin Ali Yazdiyning «Muqaddimai Zafarnoma», Koshifiyning «Rashahot Ayn al hayot», Mirzo Haydarning «Tarixi Rashidiy» va boshqa tarixiy asarlardan foydalangan bo’lsada, ammo asarning asosiy qismi 16-asrda sodir bo’lgan ko’pgina tarixiy voqealarni o’z ko’zi bilan ko’rgan shohidlardan to’plangan materiallar asosida yozilgan. Bu asar Movarounnahr xalqlarining 16-asrdagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotini o’rganishda birinchi darajali manbalardan hisoblanadi. “Abdullanoma”ni 1942 — 51 yillarda o’zbek sharqshunos olimi S. Mirzayev (1885 — 1961) o’zbek tiliga tarjima qildi. B. Ahmedov uni to’ldirib va tuzatib qayta nashr etdi (1999-2000). Ad: Hofiz tanish ibn Mirmuhammad Buxoriy, Abdullanoma, 1-jild, T., 1966; 2-jild, T., 1969; [akad. B. Ahmedov qayta tayyorlagan], 1-jild, T., 1999; 2-jild, T., 2000; Umnyakov I. I., «Abdullaname» Xafiza tanisha i eyo issledova-teli, Zapiski Kollegii vostokovedov pri Aziatskom muzeye Rossiyskoy Akademii nauk, t. 5, L., 1930; Ahmedov B., Munirov K., Hofiz Tanish Buxoriy, T., 1963.