ABDURAZZOQOV
ABDURAZZOQOV Abdujabbor (1932, Bekobod shahri — 1995, Toshkent) — fizik olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1984), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1990). Fizika-matematika fanlari Doktori (1972), professor (1973). O’rta Osiyo davlat universitetini tugatgan (1956). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika institutida, Toshkent politexnika institutida, Moskva yaqinidagi Dubnada joylashgan yadro tadqiqotlari Birlashgan instituti (YaTBI) da ishlagan (1958-72). ToshDU fizika fakulteti dekani (1972-80), kafedra mudiri (1968-95), ToshDU o’qituvchilar malakasini oshirish fakulteti dekani (1980-88). Ilmiy ishlari yadro spektroskopiyasiga oid. YaTBI da — o’zi yaratgan beta-spektrograflar majmui asosida muhim natijalar olgan. Qisqa yashovchi 100 dan ortiq neytroni etishmaydigan yadrolarni o’rgangan, 25 dan ortiq yadroning parchalanish tuzilmasini taklif qilgan, 8 ta yangi izotopni kashf etgan. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1978).